Kemalar xavfsizlik kafolatisiz Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishdan bosh tortmoqda
AQSH Prezidenti Donald Tramp Hurmuz bo‘g‘oziga kirish va chiqishga urinayotgan barcha kemalar qamal qilinishini aytgan.
Kema egalari va brokerlar AQSH va Eron harakat xavfsizligini kafolatlamaguncha, Hurmuz bo‘g‘ozidan o‘tishdan bosh tortmoqda, deb xabar tarqatdi “The Wall Street Journal” manbalarga tayanib.
Ma’lumki, Amerika yetakchisi AQSH dengiz flotiga Eronga bo‘g‘ozdan o‘tish uchun pul to‘lagan barcha kemalarni kuzatib borish va to‘xtatish bo‘yicha ham ko‘rsatma bergan. Markaziy qo‘mondonlik esa “Eron portlariga kiradigan va chiqadigan har qanday dengiz transporti vositasi” qamal qilinishini ta’kidlagan.
– Prezident Trampning Hurmuz bo‘g‘ozini qamal qilish rejasi xalqaro yuk tashishdagi noaniqlikni kuchaytirmoqda, – deya qo‘shimcha qilgan gazeta.
Masalan, Xitoy va Singapurdagi mijozlarga yukni ortish uchun Fors ko‘rfaziga kirishni kutayotgan to‘rt kemasi bor yunon kema egasi bir necha kun kutishi, agar Hurmuzga qarshi tahdid davom etsa, kemalar ortga qaytishini aytgan.
Gazeta ta’kidlashicha, endi kemalar sohibi hududdan o‘tish uchun ikkala tomon bilan ham muzokara olib borishi kerak. Shunga qaramay, xavfsizlik borasida baribir aniqlik yo‘q.
Nashr xabar berishicha, “China COSCO Shipping” kompaniyasiga tegishli ikki super tanker Trampning bo‘g‘ozni to‘sib qo‘yish haqidagi e’lonidan ko‘p o‘tmay, suv yo‘lini kesib o‘tgan. Bo‘g‘ozdan o‘tishi rejalashtirilgan yana besh kompaniya tankeri esa hozir tiqilib qolgan va vaziyat aniqlanmaguncha, Hurmuzdan o‘tishga urinmaydi, degan korxona rahbari gazetaga.
S.Rahimov, O‘zA