Kemalar «qabristoni»da musiqa yangraydi
O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 6-8 may kunlari Mo‘ynoqdagi kemalar "qabristoni"da «Stixiya» elektron musiqa, san’at va fan festivali bo‘lib o‘tadi.
Loyiha 2017 yilda Mo‘ynoq shahrida Orol dengizining ekologik halokatidan xabardorlikni oshirish va mintaqaning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish, shuningdek, O‘zbekistonda yashovchi xalqlarni butun dunyoga tanitish maqsadida ishlab chiqilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda Orol fojiasi butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng keskin ekologik muammo bo‘lib qolmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambliyasining 72-sessiyasidagi nutqida jahon hamjamiyatini ushbu tabiiy ofatga e’tibor qaratishga va bu borada sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirgan edi.
«Stixiya» butun dunyodan musiqachilar, «DJ»lar, prodyuserlar, rassomlar va olimlar ishtirokidagi bir nechta loyihalarning aralashmasiga aylandi. Ularning barchasini yer yuzidagi o‘ziga xos maskanda diqqatga sazovor joy yaratish maqsadi birlashtiradi.
Bu yilgi festival uchun elektron, progressiv va etnik kabi uchta alohida-alohida sahna yaratiladi. Unda O‘zbekiston, Turkiya, Rossiya, Germaniya, Gruziya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Niderlandiya, Ukraina, Fransiya, Shvetsiya va Yaponiyadan 30 ga yaqin mashhur «DJ»lar ishtirok etishi kutilmoqda.
Festival o‘zida «Stixiya Gen loyihalari», «Forum Stixiya N+1», «6 milliard daraxt» va turli ijtimoiy tashabbuslarni qamrab oladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA