Kelgusi avlodlar uchun muhim manba
Sirdaryoda “Ta’vilot al-Qur’on” kitobining taqdimoti o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Sirdaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, imom-xatiblar, Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, professor-o‘qituvchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Taqdimotda "Ta’vilot al-Qur’on” asari bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanishlar, uni tarjima qilish va nashrga tayyorlash bosqichlarida ishtirok etgan ilmiy jamoa a’zolari asarning boy mundarijasi, ilmiy qiymati va tarixiy ahamiyati to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2021 yil “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” nashriyoti tomonidan o‘zbek tilida nashr etilgan buyuk ajdodimiz fiqh va mutakallim olim Muhammad ibn Mahmud Moturidiy qalamiga mansub “Ta’vilot al-Qur’on” asaridan Qur’oni karimning Fotiha surasi hamda 30-juzi tarjimasi va tafsiri o‘rin olgan. Ushbu ilmiy tadqiqot yurtimizda tafsir va kalom ilmi bo‘yicha tarixiy asl manbalarga tayangan holda qilingan ilk islom ilohiyotiga oid yangilik bo‘lib, tarjimani imkon qadar yengil, tushunish oson bo‘lgan uslubda xalqimizga yetkazishga e’tibor qaratilgan.

Qur’oni karim oyatlarining tarjimasini keltirishda Shayx Abdulaziz Mansur qalamiga mansub “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri” asaridan keng foydalanilgan. Moturidiyshunos olimlar doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy, professor Yusuf Shavqiy Yavuz, doktor Hamza Bakriy va boshqa ulamolarning tavsiyalariga asosan Bekir To‘pal o‘g‘li va Ahmad Vonli o‘g‘li tahqiqi ostida nashr etilgan nusxa tarjima ishining asosiy manbasi qilib olingan.
Taqdimotda mazkur tarjima ishi ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini kengroq o‘rganish va xalqimizga yetkazishda muhim qadamligi, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni uzviy davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuhrat Suyarov. O‘zA