“Kelajak muhandislari” Respublika ko‘rik-tanlovining final bosqichi boshlandi
Toshkent shahridagi INNO Texnopark majmuasida “Kelajak muhandislari” Respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy final bosqichiga rasman start berildi.
Tadbirni oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ochib berib, tanlov ishtirokchilarining innovatsion ishlanmalari va loyihalari bilan yaqindan tanishdi va ularning ilmiy-amaliy ahamiyati hamda ishlab chiqarishga joriy etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.

Final bosqichi uch kun davomida “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladi. Bugungi dastur doirasida “Eng yaxshi g‘oya” yo‘nalishida 30 nafar ishtirokchi, jumladan 10 nafar talaba, 10 nafar amaliyotchi muhandis hamda 10 nafar professor-o‘qituvchi o‘z innovatsion ishlanmalari bilan ekspertlar oldida taqdimot o‘tkazmoqda.

Tanlovning final bosqichida akseleratsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunlab, eng yuqori natijalarni qayd etgan 90 nafar ishtirokchi bosh sovrin uchun o‘zaro bellashadi. Loyiha va ishlanmalar ilmiy yangiligi, amaliy ahamiyati, iqtisodiy samaradorligi hamda real sektor ehtiyojlariga mosligi kabi mezonlar asosida baholanadi.

Uch kunlik bahslar yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi hamda tanlovning bosh sovrini — Prezident sovg‘asi sifatida taqdim etiladigan BYD elektromobili eng munosib ishtirokchiga topshiriladi.

Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA