“Kelajak maktabi” o‘quvchi manfaatini aks ettirmog‘i kerak
Kelgusida maktablar faoliyati qay yo‘sinda yo‘lga qo‘yiladi? Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan poytaxtimizda tashkil etilgan “Kelajak maktabi” ma’rifiy seminarida shu haqda batafsil so‘z yuritildi.
Tadbirda vazirlik rahbariyati, soha bo‘yicha milliy va xalqaro miqyosdagi ekspertlar, tegishli tashkilotlarning mutasaddilari, pedagoglar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Azizbek Turdiyev va boshqalar ta’lim sohasida kechayotgan islohotlarda ilg‘or pedagogik yondashuv va metodikalar o‘ziga xos ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Seminarda YUNESKO eksperti Nargiza Qo‘chqorovaning “Qayerdamiz va qayerga intilamiz?” nomli ma’ruzasi tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.
- Bugungi seminar biroz noan’anaviy tarzda tashkil etilmoqda, - dedi ekspert Nargiza Qo‘chqorova. – Ilk marta ta’lim uchun mas’ul mutasaddilar va maktab vakillarini bir maydonga to‘pladik. Ta’limda eng birinchi manfaatdor tomon bu bolalardir. Bugun bolalarning ovozini eshitayapmizmi? Maktabdagi infratuzilmani rejalashtirishda o‘qituvchining ovozini eshitayapmizmi? Shu savollarga javob berish uchun bugungi seminar tashkil etildi. Taqdimotimda pedagogikadagi asosiy o‘zgarishlarga e’tibor qaratiladi. Ya’ni, hozirgi pedagogika bundan 20-30 yil avvalgi pedagogikadan keskin farqlanadi. Bugun birinchi o‘ringa, jamiyat diqqat markaziga o‘qituvchi emas, o‘quvchi chiqayapti. O‘quvchi o‘zining tengdoshlari bilan muloqot orqali bilim o‘rganmoqda. Bugun o‘quvchi yangilikni faqatgina o‘qituvchidan emas, boshqa manbalardan ham olishi mumkin.
Masalan, hozir farzandlarimiz ma’lumotlarni o‘qituvchidan ham ko‘ra qayerdan topmoqda? Ya’ni, ta’limdagi ana shu qarash va yondashuvlar o‘zgargani uchun maktabning infratuzilmasi, sinfxonalarning jihozlari ham shunga qarab o‘zgarishi kerak. Hozirgi qurilayotgan maktablarimiz yana ellik yillarga xizmat qiladi. Lekin ellik yildan keyin qanday bilim va ko‘nikmalar ustuvor, muhim bo‘ladi?! Pedagoglarimiz qanday bolani kelajakka tayyorlashi kerak? Kelajak bolasi uchun o‘tmishdagi maktablarni qursak, fikrimcha unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Bugungi seminar ham kelajak maktabi haqida atroflicha fikr yuritish imkonini beradi. Xorijiy maktablarda bolalarga e’tibor devorlardan boshlanadi. Masalan, devorlarda bolalar ijodiyoti, ular tomonidan chizilgan rasmlar, o‘quvchilar kamoloti va manfaatiga xizmat qiluvchi shiorlarni uchratish mumkin. O‘quvchining fikri, bilimlar o‘rganishi, uning ta’limga munosabati maktabda to‘laqonli aks etishi kerak.
Seminarda ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda mavzuga oid fikr va takliflarni atroflicha tahlil qilishdi.
N.Usmonova,
O‘zA