Kelajak chempionlari saralandi
“Yangi O‘zbekiston — Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari doirasida tashkil etilgan “Buxoro viloyati hokimi olimpiadasi”ning boks bo‘yicha bahslari yuqori kayfiyat va haqiqiy sport muhitida bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa nafaqat yosh sportchilarning mahorat sinovi, balki kelajakda mamlakatimiz sport sharafini himoya qiladigan iqtidorli bokschilarni saralab olishda muhim bosqich bo‘ldi.

Buxoro Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida o‘tkazilgan nufuzli musobaqada viloyat sport boshqarmasi mas’ullari, viloyat boks federatsiyasi rahbariyati, Milliy Olimpiya qo‘mitasi vakillari, murabbiylar hamda yosh sportchilar ishtirok etdi. Tadbir avvalida so‘z olgan viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkir Nadjimidinov va viloyat boks federatsiyasi raisi Nodir Hamdamov musobaqa ishtirokchilarini qutlab, ularga omad va g‘alabalar tiladi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor yoshlarni jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol etib tarbiyalash, ularning iqtidorini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, boks sport turida yurtimiz sportchilari xalqaro arenalarda munosib natijalarni qayd etayotgani yoshlar uchun katta ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Musobaqa davomida yosh bokschilar ringda o‘zlarining texnik mahorati, tezkorligi, chidamliligi va g‘alabaga bo‘lgan intilishini namoyon etdi. Har bir bahs qizg‘in va murosasiz kechib, muxlislar va mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bellashuvlar yakunida turli vazn toifalari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Eng muhimi, musobaqada munosib ishtirok etgan iqtidorli yoshlar orasidan saralangan sportchilar endi Prezident olimpiadasi final bosqichida Buxoro viloyati sharafini himoya qiladi. Bu esa ular uchun katta mas’uliyat bilan birga, ulkan imkoniyat hamdir.


Bunday musobaqalar yoshlarni sportga keng jalb etish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va milliy sportimiz ravnaqi uchun munosib zaxira kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri