Keksalikni tan olmagan otaxon
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Yaypan mahallasining eng yoshi ulug‘ nuroniylaridan biri, 82 yoshli Sirojiddin ota Daliyev ayni kunlarda ham badantarbiya bilan shug‘ullanib, tengqurlari va yoshlarga ibrat bo‘lmoqda.
Avvalo, ta’kidlash kerak, Sirojiddin ota Daliyev kollej va tuman maktablarida oddiy muallimlikdan tortib, direktorlikkacha bo‘lgan ko‘p yillik samarali mehnat faoliyati davomida minglab shogirdlar yetishtirgan. Ma’lum vaqt tumanning Yaypan shaharchasiga hokimlik qilib, ushbu hudud obodligiga hissa qo‘shgan. Muammolarga to‘g‘ri yechim topgan rahbar sifatida ko‘plab fuqarolarning quvonchu tashvishiga sherik bo‘lgan. Shu sabab, ayni kunlarda ham u kishini yaypanliklar juda hurmat qiladi.
Sirojiddin ota ba’zi nuroniylarga o‘xshab, faollikni susaytirib, keksalikni tan olgani yo‘q. Bo‘sh vaqti bo‘lishi bilan tomorqasiga oshiqadi. Shu mo‘’jazgina joyga 60 tupdan ziyod mevali ko‘chat ekkan.
– Yurtimizning iqlimi bebaho, – deydi otaxon. – Inson salomatligi uchun foydali bo‘lgan mevalarning aksariyatini har bir oila o‘z tomorqasida yetishtirish imkoniyati bor. Olma, shaftoli, uzum, anor, bodom, hatto, pistani ham o‘zimiz yetishtiramiz. Meva-chevalarni doimiy ravishda iste’mol qilish, deyarli har qanday kasallikning oldini oladi. Tomorqasi tashlandiq holga kelgan, kichik bo‘lsa-da, uyida mevali bog‘ yaratmagan kishilarni ko‘rsam, jahlim chiqadi. Ularni ham bog‘ yaratishga da’vat qilaman.
Otaxonni birinchi bor ko‘rgan odam uning saksondan oshganini tasavvur ham qilmaydi. Nari borsa, 60 yosh beradi. Otaxon esa, o‘zining sakson yoshida ham tetikligini, muntazam ravishda badantarbiya bilan shug‘ullanayotganligiga bog‘laydi.
[gallery-14775]
– Keksalikni kechiktirishning faqat bir yo‘li bor, - deydi Sirojiddin ota. – Muntazam ravishda badantarbiya bilan shug‘ullangan odam jismoniy jihatdan qarimaydi. Bu – isbot talab qilmaydigan haqiqat. Tib ilmining sultoni Ibn Sino bobomiz ham bejizga “O‘z vaqtida, me’yori bilan badantarbiya qilgan odamga dard yaqin yo‘lamaydi”, demagan. Rosti, mendan har kuni, turli yosh toifadagi kishilar: “Saksondan oshgan bo‘lsangiz ham yosh ko‘rinasiz? Buning siri nimada”, deb so‘raydi. Tabiiyki, men ularga “qarimaslik sirimni” – badantarbiya bilan har kuni erinmay shug‘ullanishimni aytaman.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA