Keksalarni e’zozlash — azaliy qadriyat
Mamlakatimizda yashayotgan har bir inson qalbida insoniylik, mehr-muruvvat, bag‘rikenglik kabi ijobiy xislatlar joy olgan. Keksalari ulug‘langan yurtda baraka bo‘ladi, deydi dono xalqimiz.
O‘zbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakim «Nuroniysi bor xonadonning devori nuramaydi», - degan gapni aytganda chindan haq edi. Xalqimizning ulug‘ qadriyatlaridan biri ham yoshi ulug‘ insonlarga, keksalarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning ko‘p yillik hayotiy va mehnat tajribalari asosidagi qadrli maslahatlaridan bahramand bo‘lish va duolarini olib yurishdir.
Ulkan ishlar va ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni nuroniylarning maslahati, duolari bilan boshlaymiz, ularning hayotiy tajribalariga tayanamiz. Zero, «Qarisi bor uyning – parisi bor», «Qarilikni donolik bezar» kabi xalq maqol va matallari bekorga paydo bo‘lmagan. Ana shu qadriyat, olijanob fazilat bugun davlatimiz siyosatida ham o‘z ifodasini topganligi barchamizga ma’lumdir.
Bugun mamlakatimizda yoshi ulug‘, jamiyat taraqqiyotiga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shgan keksalar alohida ardoqlanmoqda, g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Chunki bu an’ana ham asli qadriyat, mehr-muhabbatning mezonidir.
Yurtimizda nuroniylarga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatilayotganligi, ularning salomatligini asrash va hayotiy tajribalaridan unumli foydalanish kelajagimiz egalari bo‘lmish yoshlarimizning porloq kelajagini ta’minlashga ham xizmat qiladi.

Yoshlarimiz Vatanimiz kelajagining egalari, keksalarimiz esa bugungi osuda, farovon va tinch hayot kechirishimizga bevosita xizmatlari singgan hamda bugun qurgan ulkan binolarimizning poydevorlarini mustahkam bo‘lishiga zamin yaratgan mo‘’tabar insonlardir. Shu aziz vatanda tug‘ilib, osuda va tinch umr kechirayotganligimiz, yoshlarimiz izzatda, keksalarimiz hurmatda yashayotgan ushbu diyorda insoniy orzularga yetishayotganligimiz har birimizda faxr va iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi.
Bugun O‘zMU Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Kamoliddin Mirzaahmedovning tashabbusi va bevosita homiyligida O‘zbekiston Milliy universitetida mazkur ilm dargohida bir necha yillar davomida mehnat qilib, o‘z bilimi, kuch-g‘ayratini ushbu universitet ravnaqi yo‘lida sarf etgan, farzandlarning ma’naviy barkamol inson bo‘lib ulg‘ayishlariga ulkan hissa qo‘shgan ilm otalari bo‘lmish faxriy ustozlar, professor-o‘qituvchilari bir piyola choy va bir cho‘qim oshga taklif etildi.

Oliy o‘quv yurtining nufuzi va salohiyatini yuksalishida beminnat xizmat qilgan keksa ustozlar bir-birlari bilan shirin diydorlashdilar. Tadbir munosabati bilan universitetga tashrif buyurgan ustozlar, faxriy o‘qituvchilar, mehmonlar universitet rahbariyati va jamoasi tomonidan kutib olindi.
Tadbirni O‘zMU rektori Inomjon Majidov kirish nutqi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng, Jurnalistika fakultetining faxriysi, professor Muxtor Xudoyqulov, Matematika fakulteti professori Aziz Vorisov, Fizika fakulteti dotsenti Ne’mat Norqulov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga o‘zlarining samimiy tilaklarini va minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Bu dargoh ne-ne ma’rifat darg‘alariga beshik bo‘lmagan deysiz, qanchadan-qancha olimlarning qutlug‘ qadamlaridan ziyolanib turadigan dargoh shu kuni o‘zgacha yolqinlandi. Faxriy ustozlarning tashrifi oliygohni o‘zgacha fayzga burkadi, har bir yosh shogirdlar ko‘nglida ilm chiroqlari yorqinroq porlagandek bo‘ldi. Chunki bu kun bilim bog‘ining bog‘bonlari ko‘nglini olish, suhbatidan bahramand bo‘lishdek baxt barchamizga nasib etgan edi.
Muxtasar qilib aytganda, vatanimiz ravnaqi, uning kelajagi bo‘lmish yosh avlodni munosib darajada tarbiyalashda, shuningdek boy tariximizning o‘chmas sahifalarini, ajdodlarimizning buyuk merosini, qadriyat va urf-odatlarimizni kelajak avlodga yetkazishda o‘zining matonati, irodasi bilan fidoyilik qilayotgan keksa avlod vakillariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlab, qadriga yetish, asrab avaylash, turli shart-sharoitlar yaratish har birimizning farzandlik burchimizdir.
Ravshan OMONOV,
O‘zbekiston Milliy universiteti
Jurnalistika fakulteti o‘qituvchisi.
Abbos MO‘MINOV,
O‘zbekiston Milliy universiteti
III bosqich talabasi.