"Keksalar salomatligi" oyligi
Keksalarni qadrlash, ularga hurmat ko‘rsatish azaliy qadriyatlarimizdan hisoblanadi. Respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilayotgani kabi Sirdaryo viloyatida ham joriy yil 20 avgustdan 20 sentyabrgacha "Keksalar salomatligi" oyligi tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Mirzaobodda "Keksalar salomatligi" oyligi doirasidagi tadbirlarga tuman hududida istiqomat qilayotgan, keksalik gashtini so‘rayotgan otaxon va onaxonlar, 55 yoshdan oshgan qatlam vakillari qamrab olinib, ularning salomatlik ko‘rsatkichlari tuman tibbiyot birlashmasi, viloyat davolash-profilaktika muassasalaridan borgan tor doiradagi mutaxassislar tomonidan chuqurlashtirilgan holda o‘rganildi.

– Tuman tibbiyot birlashmamizning ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida tashkil etilgan tibbiy ko‘rik jarayonlariga 100 nafardan oshiq nuroniy tashrif buyurib, ular salomatligi chuqurlashtirilgan holda o‘rganildi,– deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Anvar O‘rolov.– Qolaversa, Salomatlik va strategik rivojlanish instituti Sirdaryo viloyati tuman bo‘linmasi xodimlari, oila shifokorlari va patronaj hamshiralarimiz tomonidan sog‘lom ovqatlanish targ‘iboti tadbiri ham tashkil etilib, nuroniy otaxon va onaxonlarga, yoshi katta kishilarga inson hayoti va faoliyati uchun kerakli bo‘lgan foydali, ular salomatligiga aks ta’sir etadigan zararli yeguliklar to‘g‘risida ma’lumot ham berildi.

O‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida nuroniylardan 82 nafari nevropatolog ko‘rigidan o‘tkazilib, ularning 54 nafariga ambulator, 2 nafariga statsionar, kardiolog ko‘rigiga tashrif buyurgan 70 nafar nuroniydan 67 nafariga ambulator, 3 nafariga statsionar sharoitda davolanish uchun tavsiya va maslahat berilgan bo‘lsa, tor doiradagi mutaxassislar tomonidan esa zarur amaliy yordam ko‘rsatildi.
"Keksalar salomatligi" oyligi doirasida o‘tkazilayotgan salomatlik aksiyasi joriy yilning 20 sentyabriga qadar davom etadi. Ana shu vaqtda bor e’tibor keksalarga hurmat ko‘rsatish, ularning salomatlik bilan bog‘liq muammolarini o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish masalalariga qaratiladi. Bu kabi tadbirlar, Sirdaryo viloyatidagi barcha tuman, shahar tibbiyot birlashmalari, ularga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda o‘tkazilyapti.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri