"Keksalar haftaligi" boshlandi
Ushbu ijtimoiy-ma’rifiy loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda tegishli majlis bayoniga asosan “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish — xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazilmoqda.
Mamlakatimizda keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, shuningdek, yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash ishidagi rolini oshirishga oid islohotlar izchil davom etmoqda.
Keyingi yillarda nuroniylarning nafaqa va pensiyalarini o‘z vaqtida, ular istagan shaklda yetkazib berish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, salomatligiga e’tiborni kuchaytirish borasidagi amaliy ishlar mamlakatimizdagi barcha yoshi ulug‘ insonlar og‘irini yengil qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
4-10 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan haftalik doirasida nuroniylarning holidan xabar olish, ularni manaviy va jismoniy qo‘llab-kuvvatlash, hurmat-ehtirom ko‘rsatish va e’zozlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Ushbu haftalikni "mahallabay" o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, karantin qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirilishini ta’minlashga e’tibor qaratiladi.
Haftalik doirasida har bir mahallada nuroniylar, shu jumladan, yakka-yolg‘iz keksalarni jalb etgan holda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, shu jumladan, "Caxovat" va "Muruvvat" internat uylarida istiqomat qilayotgan keksalar uchun madaniy tadbirlar, tanlovlar, sport musobaqalari va xayriya tadbirlari o‘tkaziladi.
Shuningdek, ochiq muloqotlar, tarixiy shaharlarga, "Yangi O‘zbekiston bog‘i"ga, bir qator tabarruk maskanlarga sayohatlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Sharoiti og‘ir keksalarning maishiy-ro‘zg‘or yumushlariga yaqindan ko‘maklashiladi. Yolg‘iz, bemor qariyalar holidan xabar olinadi.
Haftalik tadbirlarini yuksak saviyada o‘tkazishda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlari rivojlantirish agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, Nuroniylar jamoatchilik kengashi kabi tuzilmalar mas’ul etib belgilangan.
Bu kabi ijtimoiy-ma’rifiy loyihalar yoshi ulug‘ insonlar mamlakatimizda doimo e’tibor va e’zozda ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Nazokat Usmonova, O‘zA