Kechirilmas xato
Inson zoti xato qilishga moyil. Ongli kishiga aslida adashganlari hikmat vazifasini o‘taydi. Biroq, xatodan chiqarilmagan to‘g‘ri xulosa nafaqat adashuvchiga, balki uning atrofidagilariga, yaqinlariga ham qimmatga tushmog‘i mumkin. Aslida xatolar ham go‘zal. Qachonki ular tuzatilsa va takrorlanmasa.
Ammo shunday illatlar borki, xato deyishning o‘zi yetarli emas. Hatto uni kechirish ham imkonsiz. Bu ham bo‘lsa, yolg‘onchilikdir. Donishmandlarning fikricha, barcha salbiy illatlarning ota-onasi bu - yolg‘on. Yolg‘on so‘zlaydigan kishidan hamma narsa kutsa bo‘ladi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, inson qanchalik xatokor bo‘lsa, shunchalik ishonuvchan ham. Shuning uchun ham haqiqatni achchiq, yolg‘onni esa shirin deyishadi. Oddiy tuyulgan shu holatni O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov quyidagicha talqin qilgan:
Yaxshidir achchiq haqiqat,
Lek shirin yolg‘on yomon.
Shu shirin yolg‘onga mendek,
Aldanib qolg‘on yomon.
Jamiyat qachon tarqoqlikka yuz tutadi? Qachonki odamlar o‘rtasida ishonch yo‘qolsa. Ishonchsizlik butun insoniyat uchun eng xavfli illat. Negaki, har qanday hamkorliklar-u aloqalar birinchi navbatda ishonch ustiga quriladi. Muqaddas kitoblarda ham yolg‘onchilik qoralanadi.
O‘zbek xalqi nafaqat bag‘rikengligi-yu mehmonnavozligi, balki mardligi, rostgo‘yligi va lafzi halolligi bilan nom qozongan. Shuning uchun ham millatimizga bo‘lgan hurmat yuksak. Bunga yirik xalqaro anjumanlarda bot-bot amin bo‘lmoqdamiz. Zero, boshingga qilich kelsa ham rost so‘zla, degan maqol bejiz aytilmagan xalqimizda.
Xulosa qilib aytganda, insoniyatning eng katta dushmanlaridan biri bu aynan yolg‘ondir. Yolg‘on aralashgan har qanday munosabatning oxiri voy. Shuning uchun ham qanchadan-qancha oilalar buzilib ketmoqda. Buning oldini olishning yagona yo‘li ma’naviyatni yuksaltirish. Bunga esa faqat kitob o‘qish orqaligina erishmoq mumkin. Har qanday islohot negizida ulkan maqsadlar mujassam.
Shu ma’noda yurtimizda keng targ‘ib etilayotgan kitobxonlik ham ayni shunday illatlarni kamaytirishga qaratilgan bo‘lsa, ne ajab. Chunki yoshlar ma’naviyati salbiy illatlardan xoli shakllantirilsa, kelajak ham buyuk bo‘lgay.
Sherbek Islomov
O‘zA