Kayseri – Turk dunyosi madaniyati poytaxti
Turkiyaning Kayseri shahri hokimi doktor Memdu Buyuk Qilich Kayseri TÜRKSOY tomonidan 2027-yil Turk dunyosi madaniyati poytaxti deb e’lon qilinganini bildirdi. Tarixiy merosi, madaniy boyligi va strategik loyihalari bilan ajralib turadigan bu shahar turkiy dunyoning madaniy uchrashuv nuqtasiga aylanish arafasida turibdi.
Shahar hokimi ko‘p yillik tayyorgarlik va tizimli ishlar natijasida ushbu nufuzli maqomga erishilganini ta’kidladi.
Tarixdan “Onado‘li muqaddimasi” deya ta’riflanadigan Kayseri shahri 6 000 yillik tarixi va boy madaniy merosi tufayli ushbu sharafga munosib topildi. Shahar tarixiy obidalari, madaniy merosni asrash va qayta tiklashga qaratilgan zamonaviy loyihalari bilan ham diqqat markazida.
– Bu muhim voqea Kayserini turkiy dunyo madaniy markaziga aylantiradi va umumiy tariximiz, qadriyatlarimizni yanada mustahkamlab, kelajakka olib o‘tishga xizmat qiladi, – dedi Memdu Buyuk Qilich.
Shuningdek, u TÜRKSOY 1993-yil Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Turkiya tomonidan tashkil etilganini eslatib, tuzilma turkiy madaniyatni asrash va xalqaro miqyosda targ‘ib qilishda muhim o‘rin egallayotganini qayd etdi.
Darhaqiqat, TÜRKSOY har yili “Turk Dunyosi madaniyati poytaxti” loyihasi doirasida tanlangan shaharda ko‘plab madaniy tadbirlar o‘tkazib, turkiy xalqlar hamkorligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelyapti.
2026-yil Andijon, 2027-yil Kayseri madaniy poytaxt sifatida tanlanishi turkiy dunyo integratsiyasini kuchaytirish, tarixiy merosni asrash va yangi avlodga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu tashabbus nafaqat madaniyat, balki turizm va iqtisodiy aloqalar rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Kayseri bunday yutuqqa erishishida shahar hokimligi boshchiligida amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, “Kayseri turizm master rejasi” doirasida amalga oshirilgan loyihalar gastronomiya, san’at, sport va madaniyat sohalarida shahar jozibadorligini sezilarli darajada oshiradi.
Shu bilan birga milliy va xalqaro maydonda olib borilgan targ‘ibot ishlari bu nufuzni yanada mustahkamladi.
Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil etiladigan “Madaniyat yo‘li festivali” 2025-yildan boshlab Kayserida ham o‘tkazilishi shahar madaniy hayotini yanada jonlantirdi.
Kayseri gastronomiya sohasida UNESCOning “Creative Cities Network” tarkibiga kirgan shahar sifatida ham o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilmoqda.
Kayseri shahri hokimligi davlat idoralari, universitetlar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda shaharni nafaqat madaniyat poytaxti, balki turkiy dunyoning umumiy muloqot va hamkorlik markaziga aylantirishni maqsad qilgan.
2027-yil uchun rejalashtirilgan tadbirlar orqali Kayseri turkiy xalqlar madaniy merosini keng jamoatchilikka yetkazuvchi muhim platformaga aylanishi kutilyapti. Bunday sa’y-harakatlar shaharning turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Nodira Kayimova, O‘zA