Kattaqo‘rg‘on drama teatri jamoasi Navoiyda
Ma’lumki may oyi mamlakatimizda “Teatr oyligi” deb e’lon qilingan. San’atlar ichida teatr inson kechinmalarining shakllanishi, hayotiy muammolarni hal etish yo‘llarini izlash, asosiysi, asar qahramonlarining tomoshabin bilan yuzma-yuz bo‘lishi bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, teatrning milliy qadriyat va urf-odatlarimizni ulug‘lash hamda targ‘ib qilishdagi o‘rni beqiyos.
Mazkur oylik doirasida Navoiy viloyati “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi, Maktabgacha va maktab ta’limi, Madaniyat va turizm boshqarmalari tomonidan oliy o‘quv yurti talabalari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari, kam ta’minlangan oilalar farzandlarining maroqli madaniy hordiq chiqarishi hamda ma’naviy ozuqa olishlarini ta’minlash maqsadida bepul spektakllar namoyish etilmoqda. Oylik doirasida Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri ijodiy jamoasi tomonidan tuman va shaharlardagi madaniyat saroylari, oliygohlar, umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida spektakllar qo‘yilmoqda.



– Shu kunlarda teatrimiz jamoasi Qiziltepa tumani Madaniyat saroyida maktab o‘quvchilari uchun “Jin devor” spektaklini namoyish etmoqda,
– deydi drama teatri direktor o‘rinbosari Javlon Jomanov.
– Bundan tashqari, ijodiy jamoamiz tomonidan Nurota tumani madaniyat markazida bolajonlar uchun “Super quyon” spektaklli namoyish etildi.
Oylik doirasida ushbu teatr tomoshalariga 10 ming nafarga yaqin o‘quvchi-yoshlar jalb etilishi rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev. O‘zA