Kattalar: “Diqqat, bolalar!”
Yangi oʻquv yili boshlandi.Erta tongdanoq poytaxtimiz yoʻllari va koʻchalari gul va ichi kitob-daftarlarga toʻla papkalarini koʻtargan oʻgʻil-qizlarga toʻldi. Uch oy taʼtil koʻz yumguncha oʻtib ketdi.
Yangi oʻquv yili boshlandi.Erta tongdanoq poytaxtimiz yoʻllari va koʻchalari gul va ichi kitob-daftarlarga toʻla papkalarini koʻtargan oʻgʻil-qizlarga toʻldi. Uch oy taʼtil koʻz yumguncha oʻtib ketdi. Ota-onalar uchun farzandlarning oʻquv jihozlari, ust-boshini tayyorlash ham bir masalayu, maktabga qanday borib-kelishi ikkinchi masalaga aylandi. Axir kimlardir katta koʻchani, kimlardir serqatnov yoʻlni kesib oʻtishiga toʻgʻri keladi-da. Bola esa bolaligiga boradi.
Bolalarning yoʻllarda xavfsiz harakatlanishi hukumatimiz, mutasaddi mahkamalar, xizmatlar rahbarlarining doimiy eʼtiborida.Ularning koʻcha, yoʻllarda xavfsiz harakatlanishini taʼminlash, bolalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, yoʻl harakati qoidalarini tushuntirib, xavfsiz harakatlanish koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida, har yili yangi oʻquv yilining boshlanishi munosabati bilan respublikamizda “Diqqat, bolalar!” tadbiri oʻtkaziladi. Tadbir oʻtkazilishidan avval esa maktablar yon atroflaridagi koʻcha va yoʻllarning texnik holati, svetofor, zarur yoʻl belgilari hamda chiziqlarining mavjudligi tekshirib chiqiladi. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etiladi.
Bu yil ham anʼana davom ettirildi. Mazkur tadbir bugundan boshlanib, oʻn kun yaʼni, 14-sentyabrgacha davom etadi. Shu maqsadda poytaxtimizdagi mavjud uch yuzdan ortiq maktablarga shahar IIBB YHXB xodimlari biriktirilib, tongdanoq xodimlar maktabga tutash yoʻllarda oʻquvchilarning xavfsiz harakatlanishini nazoratga olishdi. Shunday tadbirlardan biri poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 71-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida boʻlib oʻtdi.Mana yangi oʻquv yili boshlanganini maʼlum qilgan qoʻngʻiroq ovozlaridan soʻng, maktab ostonasiga ilk qadam qoʻygan jajji bolajonlar sinfga kirishdi. Ularni mazkur maktabga biriktirilgan IIBB YHXB xodimi kutib oldi va yoʻllarda harakatlanish toʻgʻrisida ilk saboqlarni berdi hamda harakat qoidalarining zaruriy shartlari rasmlar orqali izohlangan,oʻzbek va rus tillarida tayyorlangan bukletlar jajji oʻquvchilarga taqdim etildi. Shuningdek, mazkur tadbirlar nafaqat shahrimizning barcha maktablarida balki poytaxtimizda mavjudellikdan ortiq akademik litsey va kollejlarda ham oʻtkazildi.
Shu oʻnlik ichida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimlarining xizmati mashgʻulotlarning boshlanish va tugashi arafasida oʻquv muassasalariga yaqin chorrahalarda, serqatnov yoʻllar va koʻchalarda olib boriladi. Oʻquvchilarning harakatlanish xavfsizligini taʼminlashishlarini kuchaytirish maqsadida, bu ishlarga yosh avtonazoratchilar otryadlarining aʼzolari ham jalb etiladi, oʻqituvchilarning navbatchiligi tashkillashtiriladi. Tadbirdan soʻng yuqoridagi ishlar barham topadi, deganlar adashadi. Har bir oʻquv muassasalariga biriktirilgan xodim oʻquv yili davomida oʻqituvchilar tomonidan“Yoʻl harakati qoidalari” mashgʻulotlarining oʻtkazilishi, uning sifati, tegishli koʻrgazmali qurollar bilan taʼminlanishini nazorat qilib boradi. Bolalar ishtirokidagi koʻngilsiz hodisalarning oldini olish borasida hamkorlikda mashgʻulotlar oʻtkazadi. Aniqlangan kamchiliklar, qoidabuzarliklar muhokama etilib, kelgusida oldini olish choralari koʻriladi. Har bir sodir etilgan qoidabuzarliklar tahlil etilib,qaysi turi koʻproqligiga qarab, uni bartaraf etishga eʼtibor kuchaytiriladi.
Biroq bu bilan ota-onalarning ham masʼuliyatini, ushbu ishdagi oʻrnini nazardan chetda qoldirmasligimiz lozim. Hurmatli ota-onalar, maktab bor, yoʻl harakati xavfsizligiga masʼul xodimlar bor, deb javobgarlikni oʻzingizdan soqit qilmang. Kezi kelganda, har bir ota-ona, kattalardan mazkur tadbirda faol ishtirok etishlari, farzandlarimizning hayoti va sogʻligʻini asrashdek muhim vazifaga oʻz hissalarini qoʻshishlari amalga oshirayotgan ishimizning pirovard natijasini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidlamoqchimiz. Hurmatli kattalar, ota-onalar, farzandingizni har kuni ogohlantirish, qoidalarni eslatishdan charchamang. Uydagi eslatmalar maktablarda kengaytirilsa, mustahkamlansa, maktablarda olingan bilimlar oilada takrorlansa, bolalarimizning koʻcha va yoʻllarga harakatlanishi borasida xavotirga oʻrin qolmaydi.