«Kasperskiy» AQSHni tark etmoqda
Rossiyaning antivirus giganti «Kasperskiy» laboratoriyasi rahbari «BBC News»ga bergan intervyusida Bayden ma’muriyati firma dasturiy ta’minotini sotish va tarqatishni taqiqlaganidan keyin AQSHni tark etishini aytdi.
Kasperskiyning ta’kidlashicha, u «mamlakatda biznes imkoniyatlari cheklangani uchun» ketish haqida «afsus va qiyin qaror» qabul qilgan.
Bu jarayon o‘tgan oy Qo‘shma Shtatlar savdo vaziri Jina Raymondoning Moskvaning kompaniyaga ta’siri AQSH infratuzilmasi va xizmatlari uchun jiddiy xavf tug‘dirishini aytganidan keyin sodir bo‘ldi.
AQSHda yigirma yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelgan Kasperskiy bu ayblovlarni rad etdi.
– Joriy yil 20 iyuldan boshlab «Kasperskiy» AQSHdagi faoliyatini bosqichma-bosqich to‘xtatadi, — deyiladi kompaniya bayonotida.
Uning AQSHdagi veb-sayti allaqachon antivirus va kiberxavfsizlik vositalarini sotishni to‘xtatgan va sayt sahifasida «Xaridni amalga oshirib bo‘lmaydi» degan xabar mavjud.
E’lon Kasperskiy mahsulotlarini sotish va tarqatish AQSHda taqiqlanganidan keyin paydo bo‘ldi.
Raymondo xonimning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning «amerikaliklarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘plash niyati» tufayli chora ko‘rishga majbur bo‘lgan.
– «Kasperskiy» Qo‘shma Shtatlarda o‘z dasturiy ta’minotini sota olmaydi yoki foydalanilayotgan dasturiy ta’minotga yangilanishlarni taqdim eta olmaydi, -dedi savdo vaziri.
Cheklovlarni buzgan sotuvchi va mijozlar mamlakat Savdo vazirligi tomonidan jarimaga tortiladi.
Savdo departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, bosh qarorgohi Moskvada joylashgan transmilliy kompaniya dunyoning 31 mamlakatida o‘z vakolatxonalariga ega bo‘lib, 200 dan ortiq mamlakatlarda 400 milliondan ortiq foydalanuvchi va 270 ming korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
O‘.Alimov, O‘zA