"Kasb va mehnat kuni" nishonlandi (+video)
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga ko‘ra, 2026-yildan boshlab 5-may “Kasb va mehnat kuni” sifatida har yili keng nishonlanishi hamda uning doirasida jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar orasida kasblar jozibadorligini oshirish va kasbiy ta’limni ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilishi belgilangandi. Shu maqsadda 5-may sanasida Toshkent shahridagi “Alpomish” muz saroyida mamlakatimiz bo‘ylab ilk bor keng ko‘lamda “Kasblar festivali” bo‘lib o‘tdi.
Festival doirasida Prezident sovrini uchun “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘rik tanlovining mahalliy bosqichlari bo‘lib o‘tdi. Kasblar festivali davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yozgi tadbirlar maydonida osh chempionati, Gyote institutining yozgi maydonida xalqaro hamkor tashkilotlar ishtirokida alohida ko‘rgazma tashkil etildi. Ushbu tadbir kasblar bayramining muhim va ajralmas qismi bo‘lib, kasbiy ta’lim sohasidagi xalqaro tajriba va hamkorlikni namoyon etadi.
Festival yakunida eng faol korxonalar, tashkilotchilar va iqtidorli yoshlar turli nominatsiyalar, bir qator jamoat faollari, pedagoglar “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan hamda “Kasbiy ta’limda ilg‘or xalqaro tajribalar asosida kadrlar tayyorlashni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishning dolzarb muammolari, yechimlari va istiqbollari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasiga kelib tushgan eng yaxshi 10 ta maqola egasi tantanali ravishda taqdirlanishdi.
Festivalning asosiy maqsadi — aholining, ayniqsa yoshlarning kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, kasbiy ta’limni keng targ‘ib qilish hamda ularni zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan sohalarga yo‘naltirishdan iborat. Ma’lumot uchun, festival respublikaning barcha hududlarida 30-mayga qadar davom etadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/8K-pY7bIAx0?si=qJxKBj_v0FlD9mLh" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA