Kasb-hunar maktabi bitiruvchilari tekstil korxonasida bo‘ldi
Prezident topshirig‘i –amalda
Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yil mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi.
Yil dasturidan, qolaversa, davlatimiz rahbarining joriy yil 15-16-fevral kunlari Andijon viloyatiga tashrifi doirasida yoshlar bilan ishlash, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, xususan, umumta’lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilariga ishchi va IT kasblarga o‘qish imkonini yaratish, yoshlarning ta’limdan keyingi bandligini ta’minlash, kasb-hunar maktablari bitiruvchilarini mehnat bozoriga tayyorlash yuzasidan bergan topshiriqlari ijrosi doirasida Andijonda e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
[gallery-16831]
“Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi viloyat bo‘limi, Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyati boshqarmasi hamda Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi huzuridagi Jamoat fondi hamkorlikda kasb-hunar maktablari o‘quvchilari uchun Andijon shahridagi “Dinar” tekstil korxonasiga tashkil etilgan ekskursiya ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.
– Viloyatimiz aholisining qariyb 55 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi, – deydi Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi huzuridagi Jamoat fondi rahbari Zarduna Ismoilova. – Ayni kunda butun mamlakatda bo‘lgani kabi Andijonda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish, ularni tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining bandligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan ekskursiya davomida bitiruvchilar Andijon shahridagi "Dinar" tekstil korxonasidagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.
Bitiruvchi yoshlar korxona rahbarlari, ishchi va mutaxassislari bilan suhbatda bo‘ldi, sohaga, shuningdek, ishga kirishga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari