Kasaba uyushmasining fayzli davrasi
11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlab Guliston shahridagi “Marvarid” tantanalar saroyida “Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik!” shiori ostida tadbir tashkil etildi.

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev, Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi raisi Rustam Xolmatov, viloyat sektorlari va boshqarma rahbarlari, kasaba uyushma faollari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi kasaba uyushmalarini davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlovchi hamda faol ishtirok etayotgan tashkilot deya e’tirof etdi. Shuningdek, kasaba uyushmasining mamlakatimiz va jahondagi bugungi nufuzi haqida gapirib kasb bayramini nishonlayotgan soha xodimlarini ayyom bilan tabrikladi.

Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi”, “Eng namunali ayol ish beruvchi” , “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” kabi tanlovlarning viloyat bosqichi g‘oliblariga diplom va pul mukofoti sertifikatlari tantanali topshirildi.

Shuningdek, Oliy ta’lim muassasasi talabalariga kasaba uyushmalari stipendiyasi va salomatligini tiklashga ehtiyoji bo‘lgan ishlovchi xodimlarga sanatoriy uchun bepul yo‘llanma sertifikatlari berildi.
Poytaxtdan kelgan taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Sh.Suyarov,
Sh.Ortiqboyev,(surat) O‘zA.