Kasaba uyushmalari a’zolari manfaati munosib himoya qilinmoqda
2024 yilning 10 oyi mobaynida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning 163 ta murojaati ko‘rib chiqildi. 57 nafar shaxsning huquqlari tiklanib, ular foydasiga 125 million so‘mdan ortiq moddiy va ma’naviy zarar undirib berildi.
14 nafar xodim taqdimnoma va sud qarorlari asosida avvalgi vazifalariga tiklangan. Bu haqda 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
Bugungi kunda viloyat kasaba uyushmalari tizimidagi boshlang‘ich tashkilotlarga 235 ming nafardan ortiq ishchi-xodim birlashgan. 2024 yilning o‘tgan davri davomida esa 1022 ta korxona, tashkilot va muassasalarning 11719 nafar xodim kasaba uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.

– Kasaba uyushmalarining asosiy vazifasi tashkilot va korxonalarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning manfaatini himoya qilishdir, – deydi Federatsiyaning Navoiy viloyat Kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva. – Kasaba uyushmalariga “Ishonch telefoni” va ijtimoiy tarmoqlar orqali 40 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 31 tasi qanoatlantirildi. Natijada 124 nafar insonning ijtimoiy mehnat munosabatlariga oid huquqlari tiklandi va ular foydasiga 54 million so‘mdan ziyod mablag‘ undirib berildi. Hozirda mavjud 3948 ta yuridik shaxs maqomiga ega tashkilot va korxonalar, muassasa va fermer xo‘jaliklaridan 3933 tasida jamoa shartnomalari tuzildi va umumiy ishlovchilarning 99,7 foizi qamrab olindi.

Bugungi kunda xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 29 ming 928 nafar xotin-qizlarga amaliy yordam berildi.
“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida 9857 nafar ishchi-xodimlarga 6 milliard 437 millon so‘mlik moddiy yordam va turli ijtimoiy to‘lovlar amalga oshirildi.

2024 yilning o‘tgan davri mobaynida Kengashning mehnatni muhofaza qilish bo‘limi tomonidan 540 ga yaqin tashkilot, korxona va muassasalar faoliyati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ish beruvchilarga 475 dan ortiq taqdimnoma kiritildi.
Matbuot anjumanida OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar atroflicha javob qaytardi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri