Kartoshka urug‘i qanchalik zo‘r bo‘lsa, hosildorlik shuncha mo‘l bo‘ladi
Davlatimiz rahbari 2023 yilning 19 aprel kuni kartoshkachilikni rivojlantirishga qaratilgan reja va takliflar taqdimoti bilan tanishuv chog‘ida urug‘chilik bilan bog‘liq muammolarga alohida e’tibor qaratdi.
Aholi va dehqonchilik xo‘jaliklari elita va R1 urug‘lik o‘rniga import qilingan yoki mahalliy sifatsiz kartoshka ekayotgani qayd etilib, yuqori hosilli urug‘lik kartoshka yetishtirish, milliy urug‘ yaratish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish lozimligi ta’kidlandi. Bu borada Samarqand viloyatidagi “GS-BIO SAMARKAND” qo‘shma korxonasi imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida birinchi bosqichda Bulung‘ur, Toyloq va Samarqand tumanlaridan 500 gektar, ikkinchi bosqichda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Jizzax viloyatining Baxmal va Zomin, Qashqadaryo viloyatining Kitob va Shahrisabz tumanlaridan 2 ming gektar yer ajratish mo‘ljallanayotgani aytildi.
Viloyatning Oqdaryo tumanida koreyalik hamkorlar bilan birgalikda tashkil qilingan mazkur korxonada in-vitro sharoitida issiqxonada virus va kasalliklardan xoli bo‘lgan urug‘lik kartoshka yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yil bu yerda tayyorlangan yuqori avlodli kartoshka urug‘i 100 gektar maydonda ekildi va 1000 gektar maydonga yetarli super elita urug‘i yetishtirildi. Endilikda bu miqdor yil sayin oshirib boriladi.
Viloyatdagi mazkur yo‘nalishdagi ishlar yana davom ettirilib, Samarqand tumanida “BGS PLYUS” mas’uliyati cheklangan jamiyatida AQSH texnologiyasi asosida qiymati 7,1 million dollar bo‘lgan, 4,5 ming tonna quvvatga ega yangi loyiha amalga oshirilmoqda. bugungi kunda korxonaga Nurobod tumanidan 400 gektar lalmi yer maydoni ajratib berilgan va yomg‘irlatib sug‘orish texnalogiyasi asosida kartoshka yetishtiriladi.
Bundan tashqari, Nurobod tumanida “Sarikul Mega Agro” MCHJ tomonidan kartoshka yetishtirish loyihasi amalga oshiriladi. Buning uchun jamiyatga 1450 gektar yer maydoni ajratildi. Ta’kidlash lozimki, kartoshkachilik Samarqand viloyatidagi asosiy drayver sohalardan biri hisoblanadi. Respublikada yetishtiriladigan kartoshkaning 30-35 foizi viloyat hissasiga to‘g‘ri keladi. Urug‘lik masalasining hal etilishi viloyatning bu boradagi salohiyatini yanada oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
G‘.HASANOV, O‘zA