Kapital bozori yanada rivojlantiriladi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish maqsadida fond bozorini raqamlashtirish, korporativ boshqaruvni yaxshilash, davlat ulushiga ega korxonalar aksiyalarini ommaviy joylashtirish, xalqaro moliyaviy hisobot standartlarini joriy etish, xorijiy investorlar uchun qulay investitsiya muhitini shakllantirish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Kapital bozori infratuzilmasini takomillashtirish iqtisodiyotning barqaror o‘sishi uchun muhim omil hisoblanadi. Xususan, kapital bozori rivoji iqtisodiyotga investitsiyalar hajmini oshiradi. Korxonalar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirib, mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshiradi. Yangi ish o‘rinlarini yaratish, xorijiy investorlarni jalb qilish hamda moliyaviy bozorning barqarorligi va samaradorligini kuchaytirishga yordam beradi.
Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasida ko‘rib chiqilgan “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasi milliy kapital bozorini xalqaro talablar darajasiga olib chiqish, investorlarning huquqlarini mustahkam himoya qilish, iqtisodiyotga investitsiyalar oqimini ko‘paytirishni maqsad qilgan.
Qonun loyihasida kapital bozorining moliyaviy vositalari turlarini kengaytirish, barqaror rivojlanish obligatsiyalarining huquqiy asoslarini mustahkamlash, kapital bozori infratuzilmasini takomillashtirish, reyting agentliklari hamda boshqa professional ishtirokchilar faoliyatini tartibga solish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, loyihada regulyatorning nazorat va huquqni qo‘llash vakolatlarini Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti (IOSCO) standartlariga muvofiqlashtirish, investorlarning huquqlarini himoya qilish, korporativ boshqaruv hamda axborotlarni oshkor etish talablarini kuchaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanmoqda.
Qonun loyihasi milliy kapital bozorini yanada rivojlantirish, investorlarning huquqlarini mustahkamlash hamda iqtisodiyotga jalb etilayotgan investitsiyalar hajmini yanada oshirishga qaratilgan.
M.Komilova,
O‘zA