Kanada bosh vaziri o‘z iste’fosini e’lon qildi
2015 yildan beri Kanada bosh vaziri va Liberal partiya yetakchisi bo‘lib kelgan Jastin Tryudo iste’foga chiqqanini e’lon qildi, bu holat hukumatda tartibsizliklar kuchaygan pallada yuz berdi. Tryudo partiya yangi nomzodni tanlaguncha lavozimida qoladi. Qiziq jihati, Tryudo iste’fosidan so‘ng Tramp Kanadaga 51-shtat bo‘lishni yana taklif etdi.
Joriy yilning oktyabr oylarida Kanadada parlament saylovlari bo‘lib o‘tishi kerak, unda Liberal partiya yutqazishi taxmin qilinmoqda. So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, partiya saylovchilarning taxminan 20 foiz ovoziga, muxolifatdagi Konservativ partiya esa 40 foizdan ko‘proq ovozga ega bo‘lishi mumkin.
27 yanvardan faoliyatini qayta boshlashi kerak bo‘lgan parlament ishi 24 martgacha to‘xtatiladi. Ushbu muddat Liberal partiya yetakchiligi uchun «poyga» vaqti demakdir. Ammo muxolif partiyalar ishonchsizlik votumi orqali Liberal partiyani “ag‘darib tashlashi” ham mumkin.
Jastin Tryudo 2013 yildan beri Liberal partiyani boshqarib kelmoqda vau mamlakatning eng uzoq vaqt ishlagan bosh vazirlaridan biriga aylandi. Uning davrida Kanada evtanaziya (bemorning o‘limoldi azob-og‘riqlarini yengillashtirish; tuzalishi qiyin, og‘riq-azobdan qiynalayotgan bemorlarning o‘limini tezlashtirish)ni va marixuanani qonuniylashtirdi, issiqxona gazlari tashlamalari uchun soliq joriy qildi, bir martalik plastik idishlarni taqiqladi, qurolga egalik huquqini chekladi, turli nafaqalarni, ayniqsa, bolalar nafaqalarini sezilarli darajada oshirdi.
Tryudoning siyosati, ayniqsa, nafaqalar miqdorini oshirishi katta byudjet xarajatlarini talab qildi. Dastlab, hukumat ularni korporativ soliqlar va boylar uchun soliqlarni oshirish orqali moliyalashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq COVID-19 pandemiyasi sabab o‘lka byudjeti haddan tashqari zo‘riqdi va davlat qarzining sezilarli darajada o‘sishiga olib keldi.
Bundan tashqari, byudjet xarajatlarining o‘sishi ta’minot zanjirlarining buzilishi bilan birgalikda inflyatsiyaga ham olib keldi. So‘ng Kanadada narxlar inqirozi boshlandi. Oddiy qilib aytganda, hayot sezilarli darajada qimmatlashdi va ko‘pchilik fuqarolar hukumatni va uning rahbarini asosiy aybdor deb hisobladi. Shu tariqa bosh vazirning mashhurligi narxlarning yuqoriligi va uy-joy tanqisligi tufayli jamoatchilikning g‘azabi ostida pasayishni boshladi va qayta tiklanmadi.
M.Pirmatova, O‘zA