"Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi amalda
Kambag‘allikni qisqartirish — faqat statistik ko‘rsatkichlar yoki hisobotlar bilan o‘lchanadigan jarayon emas. Bu, avvalo, har bir mahalladagi oilalar turmushi, insonning o‘z mehnati orqali barqaror daromad topa olishi bilan bog‘liq masaladir. Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 23 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kambag‘allik va ishsizlikka qarshi kurashda mahallaning o‘rni hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, mahallalarni aniq ixtisoslashtirish, tomorqadan unumli foydalanish, aholini suv, urug‘-ko‘chat va bozor bilan uzviy bog‘lash orqali qisqa vaqt ichida salmoqli natijalarga erishish mumkin. Bugungi kunda respublika bo‘yicha 903 ta “og‘ir” mahallada katta hajmda tomorqa va ijara yerlari mavjud bo‘lib, ular to‘g‘ri boshqarilsa, minglab oilalar uchun barqaror daromad manbaiga aylanishi mumkin.
Bu yondashuvning amaliy ifodasini Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi Andijon mahallasi misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Jumladan, chekka va “og‘ir” toifaga kiritilgan mahallalarda aholini ish bilan ta’minlashda aynan tomorqachilik, dehqonchilik va oilaviy tadbirkorlikka tayanilmoqda. Eng muhimi, yirik sanoat korxonalari mavjud bo‘lmagan, tumanning eng chekka hududi hisoblangan mazkur mahallada yer aholi uchun eng ishonchli imkoniyat manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
– Mahallamizda 1 ming 170 ta xonadonda 6 ming 750 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi "Andijon" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdusalim Abdusalimov. – Yirik ishlab chiqarish yoki sanoat korxonalarining mavjud emasligi uzoq yillar davomida ishsizlik va daromad yetishmasligining asosiy sabablaridan biri bo‘lib kelgan. Biroq mahallamiz qo‘lida muhim resurs — 70,4 gektar tomorqa yer maydoni mavjud. Ayni paytda aynan shu imkoniyat mahallaning iqtisodiy tayanchiga aylanmoqda.
Mahallada aholi asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Jumladan, 32 nafar fuqaro issiqxona xo‘jaligi orqali yil davomida barqaror daromad olayotgan bo‘lsa, 400 nafar aholi chorvachilikni oilaviy biznes darajasiga ko‘targan. Shuningdek, 50 nafar fuqaro kichik biznes, 28 nafari xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritmoqda. Qolgan aholi esa dehqonchilik va mavsumiy mehnat hisobiga ro‘zg‘or tebratmoqda.
– Prezidentning 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklari ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yoshlar bandligini ta’minlash va daromadini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi, – deydi hokim yordamchisi Sherzod To‘rayev. – Ushbu qaror asosida mahallamiz hududidagi fermer xo‘jaliklariga qarashli 36,5 gektar yer maydoni 730 nafar yoshga 50 sotixdan ajratilib, qovun, tarvuz, oshqovoq, sabzavot, mosh va loviya ekishga yo‘naltirildi. Moliyaviy imkoniyati cheklangan yoshlarga tijorat banklari orqali imtiyozli kreditlar berildi. Bu esa ularning bandligini ta’minlash barobarida oilalarining moddiy farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu mahallalik Usmonjon Eshonqulov o‘tgan yili ajratilgan 50 sotix yerda “Obi Navvot” navli qovun yetishtirgan bo‘lsa, Erkin Eshboyev 50 sotix yerda “Oq urug‘” navli qovun, shuningdek, bug‘doydan bo‘shagan 5 gektar yerga ikkinchi ekin sifatida mosh ekdi. Natijada 50 sotix yerdan 30–55 million so‘mgacha, qo‘shimcha ekin hisobidan esa yana qo‘shimcha daromad olindi.
– Yer ajratilishi, bank krediti hamda mahalliy mutaxassislar va agronomlarning amaliy yordami tufayli bunday natijalarga erishdik, – deydi loyiha ishtirokchisi Furqat Baymiyev. – Bir mavsumda 50 million so‘mgacha daromad oldik.
To‘g‘risini aytganda, Andijon mahallasi viloyat va tuman markazlaridan uzoqligi sababli uzoq yillar davomida ayrim infratuzilma masalalarida e’tibordan chetda qolgan. Xususan, yo‘l, kanalizatsiya, ko‘p qavatli uylarning eskirgani kabi muammolar mavjud edi. Yaqinda viloyat hokimining tashrifi chog‘ida ushbu muammolar o‘rganilib, mahallani “og‘ir” toifadan chiqarish, aholi daromadini oshirish va munosib shart-sharoit yaratish bo‘yicha manzilli dastur qabul qilindi hamda 10 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi.
– Hokim tashrifidan so‘ng ko‘chalar tozalandi, tungi yoritish chiroqlari va 360 darajali kuzatuv kameralari o‘rnatilmoqda. Bu esa mahallani xavfsiz va obod hududga aylantirmoqda, – deydi mahalla raisi.
Mahallada tomorqachilikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Bo‘sh turgan tomorqalardan unumli foydalanish, bir yilda ikki-uch marta hosil olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Kech kuzda sarimsoq va ismaloq ekilgan tomorqalar erta bahorda qo‘shimcha daromad manbaiga aylanmoqda.
Issiqxona xo‘jaligini tashkil etgan Xolbek Tursunboyev tajribasi bu yo‘nalishning samaradorligini yaqqol ko‘rsatib berdi. Ilk 2 sotix yerda boshlangan issiqxona xo‘jaligi bugun 9 sotixga kengaydi.
[gallery-27370]
– Issiqxona xo‘jaligini tashkil etish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda berilgan mutaxassislar maslahati men uchun nihoyatda qo‘l keldi. Dastlab, 2017 yilda faoliyatimni boshlaganman,– deydi u. – Bir mavsumda uch marotaba hosil olyapman. Kech kuzda sarimsoq yoki piyoz, mart oyida bodring ekib, undan bo‘shagan issiqxonaga iyul oyida yana qayta bodring ekib, daromad oldim. Buning hisobidan nafaqat o‘zim, balki oila a’zolarim ham ish bilan ta’minlangan. Quvonarlisi, uy-ro‘zg‘or farovonligi aynan issiqxona xo‘jaligi ortidan ta’minlanmoqda.
Ayni paytda mahallada issiqxona bilan shug‘ullanuvchi oilalar soni 32 taga yetdi. Kelgusida ushbu yo‘nalishni yanada ommalashtirish, aholi daromadini oshirish va kambag‘alchilikni qisqartirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
– Yaqin kunlarda issiqxonachilikka qiziqqan oilalarni jamlab, bu borada katta tajribaga ega Sirdaryo tumanidagi Quyosh mahallasiga, shuningdek, bananchilik yo‘nalishida yutuqlarga erishayotgan Surxondaryo viloyatiga tajriba almashish maqsadida tashrif buyurishni rejalashtirganmiz. Buning uchun tuman hokimligi transport masalasida ko‘mak bersa, rejalarimiz amalga oshadi, – deydi hokim yordamchisi.
Kichik biznes ham bosqichma-bosqich rivojlanmoqda. “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida Dilnoza Imomovaga ajratilgan 50 million so‘mlik imtiyozli kredit hisobiga mahallada qandolat mahsulotlari va tez tayyor bo‘ladigan taomlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi hamda 4 ta ish o‘rni yaratildi.
– Ayni paytda aholi talabidan kelib chiqqan holda 10–15 turdagi pishiriq mahsulotlari ishlab chiqaryapman. Shuningdek, iste’molchilar mahsulotlarni shu yerning o‘zida iste’mol qilishi uchun kichik tamaddixona ham ochdim. Yaratilgan ish o‘rinlarida ish haqi mavsumga qarab o‘zgarib boradi: yoz oylarida 5–6 million so‘m, qish oylarida esa 3–4 million so‘m atrofida. Olingan foyda hisobidan Nexia-3 avtomashinasi xarid qildim. Nasib qilsa, faoliyatimni yanada kengaytirib, qolipli non ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Buning uchun qo‘shimcha 100 million so‘m imtiyozli kredit olish niyatidaman, – deydi tadbirkor.
Andijon mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi, avvalo, “mahalla yettiligi” faoliyati bilan chambarchas bog‘liq. Yer ajratishdan tortib, suv ta’minoti, urug‘-ko‘chat bilan ta’minlash, agrotexnik maslahatlar hamda mahsulotni sotishgacha bo‘lgan butun jarayon tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Bugun Andijon mahallasida shakllanayotgan tajriba kambag‘allikka qarshi kurashning amaliy modeli sifatida ahamiyat kasb etmoqda. Chunki bu yerda asosiy e’tibor shunchaki yordam berishga emas, balki insonni o‘z mehnati orqali barqaror daromad topishga o‘rgatishga qaratilgan. Aynan shu yondashuv kambag‘allikni barqaror qisqartirishning eng ishonchli yo‘li hisoblanadi.
G‘ulom Primov, Anvarjon Sayidkulov ( video) O‘zA