“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalda
Boyovut tumanining "Yangi avlod" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Guliston uchastkasida istiqomat qilayotgan, ishsizligi va qo‘shimcha daromadi yo‘qligi bois "Ayollar daftari" da turgan Muhabbat Islomova mahalla xotin-qizlar faoli va hokim yordamchisi maslahati, yordami bilan oldiniga o‘z xonadonida gidroponika usulida bodring, endilikda esa qulupnay yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi.
Bu ishni boshlamasdan oldin uyda, farzandlari tarbiyasi bilan shug‘ullanardi. Ishsiz, kam daromadsiz bo‘lganligi tufayli Boyovut tumanidagi "Yangi avlod" mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qilib, yordam so‘radi. Mahalla xotin-qizlar faoli Feruza Kubayeva, hokim yordamchisi Dildora Qalandarova "Ijtimoiy kam ta’minlangan oilalarga beriladigan yordamni bir- ikki bor olarsiz. Ammo muammongizga yechim topa olmaysiz. Bugun u muammo deysiz, ertaga boshqa muammo chiqadi. Sizga davlat hisobidan bir, hatto o‘n marotaba yordam berarmiz, o‘zingizda harakat bo‘lmasa, hech narsaga erisha olmaysiz. Undan ko‘ra, bo‘sh, foydalanilmay turgan tomorqangiz bor. Issiqxona tashkil eting. Pomidor, bodring, qulupnay yetishtirishni yo‘lga qo‘ying. Ana shunda rahmat aytasiz", deya unga to‘g‘ri maslahat berishdi.
Xullas, er-xotin Islomovlar bir qarorga kelishib, mahalla tomonidan issiqxona xo‘jaligi tashkil etish uchun ajratib berilgan 33 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘i hisobiga o‘z xonadonidagi bo‘sh turgan 4 sotixli yer maydonida issiqxona xo‘jaligini barpo etishdi.
– Dastlab gidroponika usulida yetishtiriladigan bodring ekdik. Tushunmovchiliklar bo‘ldi. Issiqxona xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan dehqonlardan tushunmaganlarimizni so‘radik, bilmaganlarimizni internetdan o‘rgandik. Shunga yarasha natija ham yomon bo‘lmadi. Xarajatlar chiqib, birozgina daromad qildik. Undan keyin, ko‘rib turganingizdek, ilk marotaba qulupnay ekdik. Bu borada tajribamiz kamligi bois ko‘chat olishda biroz adashdik, –deydi Muhabbat Islomova.
[gallery-20593]
Shundan keyin er-xotin Islomovlar Toshkentdan, tajribali mirishkordan boshqa turdagi qulupnay ko‘chatini olib kelib, qayta o‘tqazdi. Ular tavsiyasi asosida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirdi. Bugun bo‘lsa, ular ekkan qulupnaylar gulga kirib, nishona bera boshladi.
–Nafaqat men, turmush o‘rtog‘im, balki farzandlarim ham maktabdan kelishi hamon uyga emas, "qulupnayzor"imizga tashrif buyuradi. Buning ortidan ro‘zg‘orimizda to‘kinchilik, xotirjamlik, tinchlik hukm surmoqda,–deydi u.
"Yangi avlod" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Muhabbatga o‘xshash ishsiz va daromadsiz, "Ayollar daftari" ro‘yxatida turadigan 164 nafar xotin-qizning daromadini oshirish, bandligini ta’minlash borasida ibratli ishlar amalga oshirilyapti.
–Shundan 10 nafariga 5 million so‘mdan 33 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar berildi. 2 nafar ayol esa "Ishga marhamat" monomarkazida kasb-hunarga o‘qitilib, tikuvchilik yo‘nalishda o‘z faoliyatini boshlashi uchun 10 million so‘mdan subsidiya yordami oldi. 124 nafar xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitilib, sertifikatli bo‘lishdi. 45 nafar xotin-qiz esa, o‘zini-o‘zi band qilish maqsadida mavsumiy ishga joylashtirildi. 78 nafar xotin-qizga bir martalik moddiy yordam, 164 nafar xotin-qizga psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatildi,–deydi "Yangi avlod" mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Feruza Kubayeva.
Davlatimiz rahbarining ishsiz va daromadsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash, kasb-hunarsizlarni o‘qitish, daromadsizlarining daromadini oshirish, kambag‘alchilikdan chiqarish, o‘z bizneslarini tashkillashtirmoqchi bo‘lganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha bergan topshiriqlari tufayli Yangi avlodda yangicha fikrlaydigan, foydali faoliyat turi bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlar soni tobora ortib bormoqda. Bu "Ayollar daftari"dan chiqqan tadbirkor Muhabbat Islomova kabi oilaviy tadbirkor va hunarmandlar sonining ko‘payishiga yordam beryapti.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri