Kambag‘allikdan chiqarishning eng to‘g‘ri yo‘li
Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 yanvardagi “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “BMB HOLDING” kompaniyasi tomonidan Jizzax viloyatida bir qator xayrli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Arnasoy tumani oqar suv boradigan so‘nggi "quloq" bo‘lib, sarflangan xarajatlar o‘zini oqlamagan bo‘lsada, 20 - 25 yil muqaddam bu yerlarga asosan paxta va g‘alla ekib kelindi. Oxir- oqibat ularni sho‘r bosdi. Endi esa shu maydonlar o‘zlashtirilib, ilmiy va innovatsion yondashuv asosida pomidor ko‘chatlari ekildi va ulardan hozir mo‘l hosil olinmoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, aholi bandligini ta’minlash, ularning moddiy ta’minotini yaxshilash bugunga kelib, kompaniyaning bosh maqsadlaridan biriga aylandi.

Bu yerda birinchi navbatda mutaxassislar tomonidan maxsus laboratoriyalarda tuproq unumdorligi tahlil qilinib, shunga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun ertangi kunda qaysi kasalliklarga qarshi agrotexnik tadbirlar olib borish ham oldindan reja qilinadi.
– Tumanimiz asosan paxta va g‘allaga ixtisoslashgan bo‘lib, ba’zida bo‘sh maydonlarga mosh ekilardi, – deydi Arnasoy tumani hokimi o‘rinbosari Xayriddin Suyarov. – Lekin oxirgi 2 yilda “BMB HOLDING” tomonidan sinov tariqasida sabzavot, jumladan, pomidor ekish amaliyotining joriy qilinishi o‘zini oqladi deb bemalol aytish mumkin. Muammoning eng muhim tomoni esa suv bilan bog‘liq bo‘lib, Arnasoy kengliklarida qishloq xo‘jaligi ekinlariga suv yetkazib berish Holding kompaniyasi tomonidan hal etilmoqda.

Masalaga yanada jiddiyroq yondashadigan bo‘lsak, har bir pomidor ko‘chati ostiga 40-45 foizgacha suvni tejash imkoniyatini beradigan “Agro Nano Gel Basic” gidrogeli qo‘llanilmoqda. O‘tgan yillar tajribasidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, aynan mazkur modda qo‘llanilgan maydonlarda har bir tup pomidordan olinadigan hosil odatdagiga qaraganda 3-4 kilogramgacha ko‘payganini ta’kidlab o‘tish joiz.
“BMB AGRO” maydonlariga ekiladigan pomidor navlari ham ilmiy yondashuv asosida tanlanganligi har qanday kishining e’tiborini tortishi, shubhasiz. Birinchi galda bozorbop, xaridorgir, qolaversa, katta maydonlarda qayta ishlashga mo‘ljallangan navlar parvarishlanmoqda. Holding kompaniyasi bu borada yana bir e’tiborli ishni yo‘lga qo‘yganki, bu ham bo‘lsa, urug‘chilikni shu yerning o‘zida yo‘lga qo‘yish, yangi navlar ustida izlanishlar olib borishdir. Buning natijasida Arnasoy tumani iqlimiga moslashtirilgan “Agronur-78” navi yaratilgan bo‘lib, uning o‘sish davri 110-120 kunni, bir tupdagi hosil o‘rtacha 4-5 kilogrammni tashkil etadi. Mazkur nav asalliklarga chidamli, qayta ishlashga juda qulayligi bilan ham ajralib turadi.

Tuman dalalarga “Red Star-F1”, “Riogrand” kabi pomidor navlari ham ekilib, ular bugungacha sinovdan samarali o‘tdi va soha ilmiy xodimlari tomonidan xaridorlarga tavsiya etilmoqda.
– Bugungi kunda yerning har qarichidan unumli foydalanish – qishloq xo‘jaligida katta ahamiyatga ega bo‘lib, pomidor ko‘chatlarini ekish jarayonida 500 nafarga yaqin doimiy va mavsumiy ishchilar ishtirok etmoqda, – deydi “BMB AGRO” korxonasi bosh direktori Bahrom Qarshiboyev. – O‘tgan yili 20 gektar maydonni o‘zlashtirib ko‘chat qadagan bo‘lsak, bu yil, pomidor maydonlarini 50 gektarga yetkazishni rejalashtirganmiz. Mazkur jarayon orqali nafaqat hosil olishni, balki zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etishni ham maqsad qilganmiz.
Muxtasar qilib aytganda, maqsad – avvalo ichki bozorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabni to‘la qondirish, mazkur mahsulotlarni qayta ishlab eksportga chiqarish, qolaversa, mahalliy aholi bandligini ta’minlagan holda, ularning turmush farovonligini yanada yaxshilash va kambag‘allikdan chiqarishdir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari