Kambag‘allik 3,9 foizga pasaydi: Yangi tizim orqali barqaror farovonlik sari
O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, butunlay yangi bosqichga chiqdi. Tizim mutlaqo transformatsiya qilinib, asosiy e’tibor va moliyaviy resurslar bevosita mahalla va tuman shtablariga yo‘naltirildi. Sohadagi natijadorlik ajratilgan kreditlar hajmi bilan emas, balki oilalarning real daromadi va yaratilgan doimiy ish o‘rinlari bilan baholanmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil uchun 1,1 million nafar aholini, ya’ni 263 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish va kambag‘allik darajasini 5,8 foizdan yil yakuniga qadar keskin qisqartirish vazifasi belgilangan.
Bu raqamlar ortida, avvalo, alohida oilalar turibdi. Shuning uchun joriy yilning o‘tgan sakkiz oyida “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalarning ehtiyoji va imkoniyatidan kelib chiqib, 515 mingta oila uchun individual rejalar ishlab chiqildi. Ushbu rejalar asosida 390 mingta kambag‘al oila daromad oshirishga qaratilgan 554 mingta bandlik xizmatlari orqali qamrab olindi.
–Kambag‘allikni qisqartirishdan asosiy maqsad faqat oilaga bir martalik yordam berish emas, – dedi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bo‘lim boshlig‘i Abbos Omonov. – Eng muhimi, har bir oilaning imkoniyatini aniqlab, uning o‘z daromad manbaiga ega bo‘lishi, barqaror ishlashi va hayot sharoitini yaxshilashi uchun zarur imkoniyatlarni yaratish.
Bu xizmatlar har bir fuqaroning holatiga qarab turlicha bo‘ldi. Kimgadir ish kerak bo‘lsa, ishga joylashtirish, kimdadir tadbirkorlik qilish imkoniyati kerak bo‘lsa, kredit, subsidiya yoki boshqa imtiyozlar, shartlar orqali tadbirkorlikka jalb qilish, kimgadir esa yangi kasb o‘rganish imkoniyati berildi.
Xususan, 161 ming nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 67 ming nafariga imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratildi, 304 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilindi, 22 ming nafari kasb-hunarga o‘qitildi.
Mahallada yangi daromad manbai paydo bo‘lishi bu nafaqat bitta loyiha, balki shu hududdagi odamlar uchun ish va daromad imkoniyati degani. Shu maqsadda hokim yordamchilari tomonidan qariyb 55 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 164 ming nafar aholining daromadi oshirildi.
Kambag‘al oilalarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun esa 700 milliard so‘mlik kredit, 77 milliard so‘m ssuda va subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Barqaror daromad manbalarini yaratish maqsadida 1,4 ming gektar o‘rmon fondi yerlari 1831 ta kambag‘al oilaga ko‘chatxona va dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun ijara asosida ajratib berildi. Ya’ni, ushbu oilalarga tayyor yordam emas, o‘z mehnati orqali daromad olish imkoniyati berildi.
Kambag‘allikni qisqartirish faqat bugungi daromad bilan cheklanmaydi. Oilaning farzandi yaxshi ta’lim va zamonaviy ko‘nikma olsa, kelajakda uning imkoniyatlari ham kengayadi. Shu bois kambag‘al oilalar farzandlarining 125 ming nafari qo‘shimcha to‘garaklarga jalb qilindi va buning uchun davlat byudjetidan 129 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Shuningdek, 49 ming nafar kambag‘al oila farzandlari axborot texnologiyalari, xorijiy til, elektron tijorat, SMM va grafik dizayn kabi zamonaviy kurslarda bepul o‘qitildi.
Germaniyaning nufuzli tashkilotlari bilan hamkorlikda 37 ta “og‘ir” toifadagi tumanda joylashgan 89 ta texnikumda 1589 nafar o‘quvchini “Tadbirkorlik” yo‘nalishida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Oilaning daromad topish imkoniyati uning salomatligi bilan ham bevosita bog‘liq. Shuning uchun “Ijtimoiy reyestr”dagi fuqarolarning 351 ming nafarida turli kasalliklar aniqlandi. Ularning 42 ming nafari uy sharoitida, 217 ming nafari ambulator, 31,5 ming nafari tuman, shahar va viloyat shifoxonalarida, 2 ming nafari respublika ixtisoslashtirilgan markazlarida davolandi.
Shundan 8,4 ming nafari jarrohlik yo‘li bilan sog‘lomlashtirilib, mehnat bozoriga chiqarildi.
Oilaning farovonligi faqat ish yoki kreditga emas, u yashayotgan hududdagi sharoitga ham bog‘liq. Shu sababli “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi 33 ta tuman va 330 ta mahalla, “og‘ir” toifadagi 37 ta tuman va 915 ta mahallada infratuzilmani yaxshilash uchun jami 7,7 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu mablag‘lar suv, elektr energiyasi, yo‘l, ijtimoiy ob’ektlar va boshqa zarur infratuzilmani yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning sakkiz oyi yakuni bilan kambag‘allik darajasini yil boshidagi 5,8 foizdan 3,9 foizgacha tushirishga erishildi. Shuningdek, 49 ta tuman va 3429 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylantirildi.
Prezidentimiz boshchiligida 3-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda kambag‘al oilalar bilan ishlashda har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish va har bir oila uchun aniq hamda barqaror daromad manbaini yaratish vazifasi belgilab berildi.
Yil yakuniga qadar hudud rahbarlari oldiga 350 ming nafar aholini doimiy ishga joylashtirish, yana 1 million nafar aholining daromadini oshirish va 230 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifalari qo‘yildi.
Bu vazifalarni amalga oshirish uchun aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirishning yangi diagnostika tizimi ishga tushiriladi. Uning asosiy tamoyili oddiy: “avval tashxis — keyin yechim”. Xususan, fuqaroga bir xil yondashuv emas, uning ishsiz yoki kambag‘al bo‘lib qolish sababini aniqlab, shundan keyin mos yechim belgilash ko‘zda tutilmoqda.
Jumladan, hokim yordamchisi ishsiz va kambag‘allarni uyma-uy o‘rganib, “Onlayn mahalla” platformasiga kiritadi. Har bir fuqaroning ishsizlik va kambag‘allik sabablari aniqlanib, platformada individual reja asosida “Ombor kitobi” shakllanadi. Fuqaro sun’iy intellekt orqali toifalarga ajratiladi va o‘z toifasi bo‘yicha “mahalla yettiligi”ning tegishli xodimiga biriktiriladi.
Shuningdek, “mahalla yettiligi” har bir fuqaro bo‘yicha individual rejani kollegial tasdiqlaydi. Eng muhimi, “Ombor kitobi” har chorakda yangilanib boradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda barcha hokim boshchiligida favqulodda shtablar ish faoliyatini boshlab, ularga respublika darajasidagi jami 28 nafar mas’ul rahbar biriktirildi.
Kelgusida ham “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida har bir oila bilan individual ishlash, yangi daromad manbalarini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, inson kapitalini oshirish va “og‘ir” hududlarni kompleks rivojlantirish ishlari davom ettiriladi.
Asosiy maqsad kambag‘allikni vaqtincha kamaytirish emas. Maqsad — oilani barqaror daromadga olib chiqish, uning yana kambag‘allikka qaytishining oldini olish va aholi farovonligini ta’minlash.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA