
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan vazirlik va idoralar rahbarlari mahallalarda kam ta’minlangan oilalarning sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha iqtisodiy-ijtimoiy tadbirlarga mas’ul qilib belgilangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi rahbariyatiga biriktirilgan jami 20 ta oiladan 5 tasi Beruniy tumanida joylashgan. Tumandagi “Ibn-Sino” mahallasining infratuzilmasini yaxshilash, kambag‘allik darajasini qisqartirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni tahliliy o‘rganish maqsadida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari O.Qadirov manzilda bo‘ldi. Mahalla mas’ullari bilan hamkorlikda kam ta’minlangan oilalarning holidan xabar olib, ularning yashash sharoitlari o‘rganildi.

Mazkur mahallada istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan N.Matupayevaning qizi tikuvchilik kursida o‘qigan. Bugun uning o‘rgangan hunaridan daromad qilishi uchun imkoniyat yaratib berilib, unga bojxona boshqarmasi nomidan zamonaviy rusumdagi tikuv mashinasi sovg‘a qilindi.
Uchrashuvda mahalladagi boshqa yordamga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari va sovg‘alar topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri