Kam daromadli oilalarga yer berildi
Gʻalladan boʻshagan maydonlarga takroriy ekin ekish daromadni oshirishda ham, yerning unumdorligini yaxshilashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Gʻalladan boʻshagan maydonlarga takroriy ekin ekish daromadni oshirishda ham, yerning unumdorligini yaxshilashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan bugungi sharoitda takroriy ekin ekish imkoniyatidan oqilona foydalanishning oʻrni beqiyos. Qashqadaryo viloyatida mazkur tadbir yana bir foydali maqsadga yoʻnaltirilmoqda.
Yaʼni fermer xoʻjaliklarining gʻalladan boʻshagan va takroriy ekin ekilishi koʻzda tutilgan maydonlaridan bir qismi kam taʼminlangan, kam daromadli va “temir daftar”da qayd etilgan oilalarga boʻlib berilayapti. Nafaqat boʻlib berilayapti, yer ekishga tayyor holga keltirilib, urugʻliklar ham bepul tarqatilmoqda.
Masalan, Nishon tumanidagi Choʻli Begimqulov hududida joylashgan “Ernazarov Baxtiyor” fermer xoʻjaligining gʻalladan boʻshagan 21 gektar yer maydoni 42 ta oilaga takroriy ekin ekish uchun 50 sotixdan boʻlib berildi. Buning uchun ularga “Nishon tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan eksportbop urugʻlik mosh berilib, maxsus texnikalar yordamida ekish ishlari boshlab yuborildi.
Jarayonda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etib, aholi vakillari bilan suhbat chogʻida odamlarni ishli, daromadli qilish maqsadida amalga oshirilayotgan bu tadbirning ahamiyati haqida soʻz yuritdi. Taʼkidlandiki, kam taʼminlangan oilalarni kambagʻallikdan chiqarishning barcha choralari koʻriladi. Shu bois yerlar aholi yashaydigan joyga yaqin, suv kelishi muammo boʻlmaydigan hududlardan tanlandi. Kelgusida ular yetishtirgan mahsulotlar ham eksportyorlar tomonidan dalaning oʻzidan sotib olinishi taʼminlanadi. Faqat mehnatidan qochmay, yerga mehr berib, ishlashsa, bas.
Mirishkor tumanidagi Mirishkor hududida joylashgan “Tursunov Aziz” fermer xoʻjaligiga qarashli gʻalladan boʻshagan maydonning 20 gektari shu atrofda joylashgan 7 ta mahallada istiqomat qiluvchi 56 ta kam taʼminlangan oilaga boʻlib berilmoqda.
Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda viloyat hokimi ishtirok etib, yer olish uchun kelgan aholi vakillari bilan dildan suhbat qurdi. Oilaviy ahvoli, nima ekmoqchiligi, dalada kimlar ishlashiyu dehqonchilikdan xabardorligi bilan qiziqdi. Mirishkorning iqlim sharoitidan kelib chiqib, oʻzaro maslahatlashuvlar asnosida mazkur 20 gektar yerning yarmiga mosh, qolgan yarmiga esa loviya ekishga kelishib olindi.

Bu ekinlar 70 kunda pishib yetiladi. Ularning bir gektaridan 15-20 million soʻm daromad koʻrish mumkin. Bu kam taʼminlangan oilalar qisqa fursatda roʻzgʻorini butlab olishiga imkon beradi.
– Ikkita oʻgʻlim bor. Biri kasalmand. Biror joyga ishlasin, desam ish topa olmay sarson, – deydi Halima Roʻziyeva. – 70 sotix yer oldik. Oʻzim ham farzandlarim ham dehqonchilikni yaxshi tushunamiz. Ajratilgan yerga mosh, loviya ekmoqchimiz. Urugʻni ham, yerni ham bepul beradigan boʻlishdi. Bundan juda minnatdormiz.
Kasbi tumanida 760 ta ehtiyojmand oilaga gʻalladan boʻshaydigan 274 gektar yer vaqtincha foydalanib, roʻzgʻorini butlab olishi uchun ajratib berilishi moʻljallangan. Shuningdek, 115 nafar yoshga 63 gektar, 141 nafar ishsizga 76 gektar yer ajratiladi. Ularning bir qismida gʻalla oʻrib olinib, ekishga tayyorlash ishlari davom etmoqda.
Jumladan, fermer Doʻstmurod Eshonqulov oʻz fermer xoʻjaligidagi gʻalladan boʻshagan 6,5 gektar yer maydonini ekin ekishga tayyor holatga keltirib, kam taʼminlangan va vaqtincha ishsiz aholiga ekin ekib olishlari uchun boʻlib berayapti.
Viloyat hokimi kech salqinda dala boshida aholi vakillari bilan suhbat qurdi. Kambagʻal oilalar oyoqqa turib olishi uchun amalga oshirilayotgan bu ishda ularga qanday yordam kerak boʻlsa, tayyorligini bildirdi. Urugʻlik bepul berilishi va hosil yigʻib olinayotgan vaqtda mahsulot dala boshida eksportyor tomonidan sotib olinishini taʼkidladi.
Puxta oʻylangan bu chora oziq-ovqat xavfsizligiga xizmat qilishi bilan bir qatorda, kam daromadli, kambagʻal oilalarning moddiy manfaatdorligini oshirishga xizmat qiladi.