Jurnalistlar va o‘quvchilar uchrashuvi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi va Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida “Kitobxonlik targ‘iboti va mutolaa madaniyatini yuksaltirish dolzarb vazifa” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Uchrashuvda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini yanada yuksaltirish, kutubxonaga kelayotgan kitobxonlar o‘rtasida turli tanlovlar o‘tkazish hamda bu tadbirlarga Jurnalistlar uyushmasi a’zolarini ham keng jalb etish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
– Bugun kutubxonamizga O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi a’zolari tashrif buyurganidan juda xursand bo‘ldik, – deydi Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori o‘rinbosari Shamsiya Baqoyeva. – Ular bilan kitobxonlik targ‘iboti, yurtimizda yangi chop etilayotgan kitoblar, o‘zbek adabiyoti namunalari va jahon adabiyoti durdonalari to‘g‘risida suhbatlashdik. Jurnalist-ijodkorlarning ijod namunalari bilan tanishdik. Viloyatimiz jurnalistlari bilan yaqin hamkorlikda bunday ijodiy tadbirlarni, davra suhbatlarini ko‘proq o‘tkazishga kelishib oldik.
[gallery-10674]
Uchrashuv so‘ngida muassasaga tashrif buyurgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zolari kitobxon sifatida axborot-kutubxona markaziga a’zo bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Karmana tumani “Do‘rman” mahallasi hududida joylashgan 19-umumta’lim maktabida ham uyushma a’zolari va o‘quvchilar ishtirokida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda jurnalistika sohasining rivoji, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitob mutolaasi va uning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni haqida so‘z yuritildi.
– Bugun maktabimizga viloyatimizning ko‘zga ko‘ringan jurnalistlari tashrif buyurdi, – deydi 9-sinf o‘quvchisi Marjona Xayrullayeva. – Ular bilan o‘tkazilgan muloqot men kabi ijodga qiziquvchi yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Uchrashuvda ijodkor o‘quvchilarimiz maqola, ssenariy va she’r yozish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga jurnalistlardan javob oldi. Tadbir so‘ngida maktabda tashkil etilgan adabiy to‘garak qatnashchilari o‘z ijod namunalaridan o‘qib berdi.
A.Bo‘riyev,
S.Aslonov (surat), O‘zA