Jurnalistlar qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda To‘rtko‘l tuman hokimligi axborot xizmatlari hamkorligida hududda sohaning bugungi holati, kelgusi rejalar va amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda tuman va respublika miqyosidagi ommaviy axborot vositalari vakillari hamda matbuot kotiblari ishtirok etib, sohadagi yangiliklar yuzasidan batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi. Tadbirda tumanda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida bajarilayotgan ustuvor vazifalar va erishilayotgan ko‘rsatkichlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan javob oldi.
Shundan keyin “Paxta hosilini qabul qilish, saqlash va qayta ishlash tizimidagi zamonaviy yondashuvlar” mavzusida media-tur tashkil etildi. Uning ishtirokchilari paxta xomashyosini zamonaviy texnologiyalar asosida terib olish, qabul qilish va saqlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
[gallery-31640]
Tadbir ishtirokchilari dastlab “Paxtachi” ovul fuqarolar yig‘ini bo‘lib, hududda joylashgan “Paxtachi Nazarbek” fermer xo‘jaligida zamonaviy paxta yig‘im-terimi mashinasi yordamida amalga oshirilayotgan jarayonlar bilan tanishdi. Xo‘jalikda 90 gektar yer maydonining 40 gektariga chigit ekilgan bo‘lib, ayni paytda dalalarda hosil yig‘im-terimi uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Fermer xo‘jaligi rahbari Arazmammat Allabayev joriy yilda har gektardan 63–65 sentnerdan mo‘l hosil olishni rejalashtirgan. Hozirda hosilni qisqa fursatlarda terib olish uchun ishlar jadal olib borilmoqda. Zamonaviy texnikalar va ilg‘or yondashuvlarning qo‘llanilishi nafaqat mehnatni yengillashtirmoqda, balki xirmonning barakali bo‘lishini ham ta’minlamoqda.
Media-tur davomida ishtirokchilar “Agro To‘rtko‘l tekstil klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati hamda paxta xomashyosini qabul qilish va qayta ishlash jarayonlari bilan ham yaqindan tanishdilar. Klaster tomonidan joriy qishloq xo‘jaligi mavsumida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2026-yilgi mavsumda paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklardan jami 20 ming 758 tonna paxta xomashyosini qabul qilib olish bo‘yicha tegishli shartnomalar tuzilgan. Shuningdek, tenderdan o‘tgan fermer xo‘jaliklari bilan 110 tonna urug‘lik paxta tayyorlash bo‘yicha ham shartnomalar rasmiylashtirilgan.
Bugungi kunga qadar hududdagi xo‘jaliklar tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosining umumiy miqdori 1 ming 601 tonnani tashkil etadi. Shundan 950 tonnasi korxonaga va 651 tonnasi maskanlarga qabul qilingan bo‘lib, mashina terimi 870 tonnadan oshdi. Klaster va fermer xo‘jaliklari o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi hamda ilg‘or texnologiyalarning qo‘llanilishi paxta hosilini o‘z vaqtida, isrofgarchiliksiz yig‘ib olish va qayta ishlashni ta’minlamoqda.
Tadbir ishtirokchilari shuningdek Ellikqal’a tumanida ham bo‘lib, paxta hosilini qabul qilish, saqlash va qayta ishlash jarayonlari bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari