Jurnalistlar mehnatiga munosib e’tirof
Buxoroda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan ilk bor “Bukhara Media Awards – 2025” tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari vakillarining kasbiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, jurnalistika sohasidagi mas’uliyatli mehnatni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etildi. Tantanali tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda korxona va tashkilotlarning axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda “Yilning eng faol jurnalisti” ko‘rik-tanlovi yakunlari e’lon qilinib, turli yo‘nalishlar bo‘yicha eng munosib deb topilgan jurnalistlar taqdirlandi. Jumladan, publitsistika, bosma va elektron OAV, televideniye, radio, fotojurnalistika hamda internet jurnalistikasi yo‘nalishlarida faoliyat olib borgan bir qator jurnalistlar g‘olib sifatida e’tirof etildi.
[gallery-26985]
G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu e’tirof jurnalistlarning xolislik, tezkorlik va jamoatchilik oldidagi mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan muhim rag‘bat sifatida baholandi. Shuningdek, tadbir davomida viloyatda faoliyat yuritayotgan tashkilot va korxonalar tomonidan yil davomida muayyan sohalardagi yangiliklarni tizimli va xolis yoritib kelgan ommaviy axborot vositalari vakillari alohida e’tirof etildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.