Joylarda muammolarni o‘rganish va yechim topish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda
Inson qadrini ulug‘lash, aholining dardu tashvishlarini eshitish va ularni hal etish Yangi O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bugun davlat idoralari fuqarolarning o‘ziga kelib murojaat qilishini kutib o‘tirmay, ularning yashash manziliga borib muammolarini o‘rganish va yechim topish amaliyotini keng yo‘lga qo‘ymoqda. Bu esa xalq bilan muloqotning yangi va samarali tizimini shakllantirib, inson huquqlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiluvchi navbatdagi sayyor qabul Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili — Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Buxoro shahrining “Jalol Ikromiy” mahallasida tashkil etildi.
Qabul davomida fuqarolarning turli sohalarga oid murojaatlari tinglandi. Xususan, aholini ish bilan ta’minlash, sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini yaxshilash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish va infratuzilmani takomillashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama markazida bo‘ldi.
E’tiborli jihati shundaki, murojaatlar rasmiy tartibda qabul qilinibgina qolmay, ayrim holatlar tegishli tashkilotlar va mutasaddilar ishtirokida joyning o‘zida o‘rganildi. Bu esa muammolarning yillar davomida yechimsiz qolib ketishining oldini olish, fuqarolarga tezkor va amaliy yordam ko‘rsatish imkonini berdi.
Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynovaning ta’kidlashicha, har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning huquq va manfaatlari mujassam. Shu bois mas’ul idoralar bilan hamkorlikda ko‘tarilgan masalalarni hal etishning huquqiy va amaliy mexanizmlari atroflicha muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

Bugungi kunda bunday sayyor qabullar aholi bilan davlat idoralari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashning muhim vositasiga aylanmoqda. Fuqarolar o‘z muammolarini bevosita mas’ullarga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lsa, mutasaddilar joylardagi haqiqiy vaziyatni o‘rganib, aniq yechimlar yo‘lini topmoqda.
“Jalol Ikromiy” mahallasida o‘tkazilgan mazkur sayyor qabul yana bir bor inson manfaatlari va huquqlarini ta’minlash davlat siyosatining markazida turganini namoyon etdi. Fuqarolar murojaatlariga e’tibor, ularning dardiga sherik bo‘lish va muammolarini hal etishga intilish jamiyatda adolat va qonuniylik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, bunday muloqotlar odamlarda “mening muammom eshitiladi, huquqlarim himoya qilinadi” degan ishonchni kuchaytiradi. Ana shu ishonch esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng mustahkam poydevorlaridan biri hisoblanadi. Buxoroda bo‘lib o‘tgan mazkur sayyor qabul ham inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi ezgu ishlar amalda o‘z ifodasini topayotganining yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri