Jonajon O‘zbekistonimizni yanada obod qilaylik!
30 iyun – Yoshlar kuni
Yoshlar yurtning kelajak taqdirini belgilab beruvchi asosiy kuchdir. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va ko‘magi asosida mamlakatimizda yoshlar siyosatiga jiddiy e’tibor qaratilayotgani ham bejiz emas. 30 iyun – Yoshlar kuni sifatida keng nishonlanar ekan, yoshlar uchun alohida sana bayram sifatida belgilanishining o‘ziyoq davlatimiz rahbari tomonidan o‘sib kelayotgan avlod taqdiri masalasiga qaratilgan alohida e’tiborning yaqqol namunasidir.
Yil boshidan buyon yuz minglab yoshlarning bandligini ta’minlashga erishdik. Xususan, talab yuqori bo‘lgan kasblar va tadbirkorlikka o‘qitish, shu asosda biznesni yo‘lga qo‘yishda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi tizim yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, ushbu qatlam uchun ma’lumotlar bazasi – “Yoshlar daftari” shakllantirilib, ular bilan alohida manzilli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Endilikda respublikaning barcha hududlarida uyma-uy yurish orqali mahallalar kesimida ko‘makka muhtoj bo‘lgan ishsiz yoshlar ro‘yxatini shakllantirish davom etmoqda.
Joriy yilning 13 aprel kuni Prezidentimiz rahbarligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar asosida 2021 yilning 2 choragida yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi barcha sektorlar va mahallalar bo‘yicha reja tasdiqlandi. Unga ko‘ra, bu chorakda 229 ming 832 nafar yoshning bandligini ta’minlash belgilab olingandi.
Shuningdek,“Yoshlar dasturlari” doirasida yil boshidan buyon 24 ta Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilib, 118 ta loyiha yo‘lga qo‘yilishi natijasida 843 ta ish o‘rni yaratildi.
Besh muhim tashabbus dastlab Toshkent viloyatining Bo‘ka, Quyichirchiq tumanlari hamda Toshkent shahrining Uchtepa tumanida tajriba sifatida joriy etildi. Shuningdek, bu tajriba 42 ta tuman va shaharning 168 ta olis va og‘ir ahvoldagi mahallasida muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida “5 tashabbus loyiha ofisi” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida loyiha doirasida yoshlarning keng qamrovligiga erishildi.
Xususan, yoshlarni madaniyat va san’atga jalb etish maqsadida baxshichilik va maqom maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ilk marotaba Termizda baxshichilik, Qo‘qonda esa hunarmandchilik xalqaro festivallari o‘tkazildi.
Respublikamizdagi barcha tuman (shahar) madaniyat markazlari va umumta’lim maktablarida yoshlarning qiziqishidan kelib chiqib, qo‘shimcha 1,5 mingta to‘garak tashkil etish barobarida 6 ta madaniyat markazi qayta ta’mirlandi.
Shuningdek, Yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni joriy etish, raqamli texnologiyalar, zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘rganishi, olgan bilimlarini yurtimizning barcha hududlaridagi yoshlarga yetkazishi va bu orqali mamlakatimizda yangi avlod texnologiyalari rivojiga hissa qo‘shish maqsadida “Digital Generation”, “Bir million dasturchilar” loyihalari va “Google Dev Fest” dasturchilar festivali tashkil etildi.
Hududlarga “Ma’rifat karvoni” tadbirlari doirasida “Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida 59 ta nomdagi 590 ming dona badiiy adabiyot chop etilib, respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalari kutubxonalariga tarqatildi.
“Yosh kitobxon” respublika tanlovining saralash bosqichlarida 2019 yilda 1 million 200 mingdan ortiq yosh faol ishtirok etib, respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan 3 nafar yoshga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi sifatida “Spark” avtomashinasi berildi.
“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medalining ta’sis etilganligini alohida ta’kidlasak, arziydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolariga oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish to‘g‘risida”gi qarori asosida 42 nafar faol yosh davlat granti asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.
2018-2020 yillarda respublika bo‘yicha Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan, oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan jami 17 007 nafar talaba-yoshning shartnoma to‘lovi (35 foizi) uchun jami 50,1 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berilishi ham yoshlar uchun munosib tuhfa bo‘la oladi.
Faol yoshlar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida 28 ta turli yo‘nalishda tashkilotlar tuzilib, samarali faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
13 ta xorijiy davlat yoshlar tashkilotlari bilan o‘zaro tizimli hamkorlikni rivojlantirish maqsadida hamkorlik bitimlari imzolandi.
Yoshlar bilan muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida hududlarda “Yoshlar qabulxonalari” tashkil etildi.
Yoshlarga qaratilgan bunday e’tibor, beqiyos g‘amxo‘rlik va yaratilayotgan shart-sharoitlar yigit-qizlar hayotida yangidan-yangi umidli sahifalar ochilishiga zamin yaratmoqda.
Umuman olganda, bugungi yosh avlodning o‘ziga bo‘lgan ishonchi baland. Turli yot g‘oyalar, nosog‘lom muhit, oq-qorani ajratishda bilim va saviyalari yetarli. Bu borada tegishli idoralarning olib borayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari ham muhim o‘rin tutadi, albatta.
Jumladan, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni keskin kamaytirish, ularning huquqiy bilimlarini mustahkamlash maqsadida “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” prinsipi asosida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib kelinadi. Shu kunga qadar, ushbu targ‘ibot tadbirlarida 250 mingdan ortiq targ‘ibot materiallari yoshlarga tarqatildi. O‘tgan to‘rt yil davomida yoshlarning huquqlarini himoya qilish, ularni qiynayotgan muammolarini hal etish maqsadida yoshlar ishtirokida “Hokim va yoshlar”, “Prokuror va yoshlar”, “Sud va yoshlar”, “Deputat va yoshlar” mavzularida ochiq muloqotlar o‘tkazilib, yoshlarning 38 mingdan ortiq muammosini ijobiy hal etishga erishildi. Shuningdek, mahallalarda “Nuroniy va yoshlar” uch avlod uchrashuvlari tashkil qilinib boriladi.
Koronavirus infeksiyasining yurtimizga kirib kelishi natijasida xalqimiz birdamligi, yakdilligi yana bir bor sinovdan o‘tdi. Ayniqsa, pandemiya davrida yoshlarning shijoatkorligi, mehru oqibati, kattalarga yelkadoshligi tahsinga sazovor bo‘ldi.
Kuchaytirilgan karantin paytida ham yoshlarning ilm olishga bo‘lgan qiziqishi sustlashmadi. Birgina telegram ijtimoiy tarmog‘ida “Masofaviy ta’lim” kanali ishga tushirilib, unga 140 dan ortiq dars materiallari joylashtirildi. Quvonarlisi, hozirgi kunda ham 6 millionga yaqin yosh ushbu darslardan unumli foydalanayotir.
Shu o‘rinda chet elda o‘qiyotgan va mehnat qilayotgan yoshlarimiz ham nazardan chetda qolmadi. Mazkur yoshlar bilan doimiy aloqalar o‘rnatish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida 2017 yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi tashkil etilgandi.
Bugun Yoshlar kuni. Prezidentimiz farmonlariga ko‘ra,bir guruh faol yoshlarimiz hukumatimizning yuksak mukofotlari va “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Mamlakatimizning barcha yoshlarini bayram bilan qizg‘in tabriklab, jonajon O‘zbekistonimizni yanada obod qilish yo‘lidagi ishlariga omad tilayman!
Alisher Sa’dullayev,
O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori.
O‘zA