Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!
4 sentabr kuni mamlakatimizning barcha umumta’lim maktablarida birinchi qo‘ng‘iroq tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Vazir o‘zi tahsil olgan maktabga bordi
4 sentabr kuni mamlakatimizning barcha umumta’lim maktablarida birinchi qo‘ng‘iroq tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Bu kun farzandlarimiz uchun g‘oyat quvonchli, hayajonli damlarga boy kun bo‘ldi. Zero, inson birinchi maktabga borgan kunini hech qachon esdan chiqarmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev shu kuni erta tongdan o‘zi tahsil olgan maktab sari yo‘l oldi. Hozirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan ushbu bilim maskani B.Sayfullaevga hayotdagi katta yo‘lni ko‘rsatgan dargoh sanaladi. Vazir o‘zi o‘qigan o‘sha davrdagi maktabni bugungi davrdagi yaratilgan sharoitlar bilan umuman taqqoslab bo‘lmasligini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida 23 avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Unda belgilangan vazifalar har bir o‘qituvchini o‘z ishiga yanada puxta va mas’uliyat bilan yondashishga undaydi.
– O‘g‘il-qizlarimiz o‘z kamoloti yo‘lida ko‘rsatilayotan ulkan e’tiborni doimo his etib, uning qadriga yetib astoydil bilim olmog‘i kerak, – dedi madaniyat vaziri B.Sayfullaev maktabning pedagogik jamoasi va o‘quvchilari bilan muloqot chog‘ida.
Mamlakatimizda maktab ta’limi, yoshlarning bilim va mukammal tarbiya olishiga hayot-mamot muassaslasi sifatida e’tibor qaratilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bolalar asosiy tarbiya, hayotiy ko‘nikmalarning ellik foizini oiladan, qolganini maktabdan o‘rganadi. Shunday ekan, farzandlarni sog‘lom va mustaqil fikrli, keng dunyoqarash, yuksak fazilatlar sohibi etib tarbiyalashda ota-ona, maktab, o‘qituvchilar, keng jamoatchilikning birgalikdagi sa’y-harakatlari g‘oyat katta ahamiyat kasb etadi.
Maktab jamoasi bilan “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!“ mavzuida bo‘lib o‘tgan ijodiy uchrashuvda ta’limdagi islohotlar haqida batafsil so‘z yuritildi.