Jizzaxlik bokschilar O‘zbekiston chempioni
Boks bo‘yicha Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” sport majmuasida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati ring egalarining ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi. Jizzaxlik yosh bokschilar ushbu mamlakat chempionatining 5 ta oltin va 3 ta bronza medallarni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Ringda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yoshlari o‘rtasida 13 ta vazn toifasida qizg‘in va murosasiz janglar bo‘lib o‘tdi.
–O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga ega bo‘lganimdan juda xursandman va buning uchun meni har tomonlama qo‘lla-quvvatlab turgan ota-onam, mashg‘ulotlarimga alohida e’tibor qaratgan murabbiylarimdan minnatdorman, – deydi 60 kilogramm vazin toifasida O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan va turnirning “Eng yaxshi bokschi”si nominatsiyasi soxibi bo‘lgan jizzaxlik Mironshoh Norqosimov. – Ayniqsa, ushbu musobaqada o‘zbek boksining tirik afsonalari ikki karra jahon chempioni va Tokio Olimpiadasi sovrindori Bahodir Jalolov, Rio Olimpiadasi oltin medali soxibi Fazliddin G‘oipnazarov, ikki karra jahon chempioni Abbos Atoyev, Rio Olimpiadasi finalchisi Bektemir Meliqo‘ziyev, qit’a chempioni va Osiyo o‘yinlari g‘olibi Isroil Madrimov hamda Jahon chempionati bronza medali sovrindori, qit’a va Osiyo o‘yinlari g‘olibi paxtakorlik Bobo-Usmon Boturovning biz yosh bokschilarning jangini tomosha qilgani yodimda saqlanib qoladi.
Chempionat finalida poytaxtdan 6 nafar, Buxoro va Jizzaxdan 5 nafardan, Toshkent va Andijondan 4 nafar yosh bokschilar finalda uchrashdi. Finalga chiqqan jizzaxlik bokschilarning barchasi raqiblari ustidan ishonchli g‘alabaga erishib, yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga sazavvor bo‘lib va chempionatning “Eng yaxshi jamoa”si deb topildi.
[gallery-15674]
Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Toshkent va Andijon viloyatlari yoshlar terma jamoalariga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlarga mukofotlarni O‘zbekiston Boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saken Po‘latov topshirdi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA