Jizzaxda yosh tadbirkorlar ishtirokida yirik forum o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyatida yoshlarning muammo va takliflarini tinglash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda bandligini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom etmoqda.
Shu maqsadda Jizzax shahri va Do‘stlik tumanida viloyat prokurori Baxtiyor Ibrohimov rahbarligida, Yoshlar ishlari boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi mas’ullari hamda tijorat banklari rahbarlari ishtirokida “Rahbar va yosh tadbirkorlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Mazkur tadbirda 1200 nafarga yaqin yosh tadbirkor va bitiruvchi kurs talabalari ishtirok etib, u haqiqiy yirik tadbirkorlar forumiga aylandi.
Uchrashuv davomida soliq, bojxona va bank sohasi mutaxassislari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlash va rivojlantirish uchun yaratilgan imtiyozlar hamda preferensiyalar haqida aniq misollar asosida taqdimotlar o‘tkazildi. Ayniqsa, viloyatdagi yetakchi ishlab chiqarish korxonalari — “Master Building Products”, “Mono-Electric” va “NBN” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari vakillari tomonidan o‘tkazilgan mahorat darslari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ularda mahsulotni eksportga chiqarish, marketing, mijoz topish hamda onlayn savdo yuritish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda yoshlar tomonidan 30 ga yaqin murojaat va takliflar bildirildi. Ularning asosiy qismi imtiyozli kredit ajratish, infratuzilmaga ulanish, yer maydoni ajratish hamda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash kabi masalalarni qamrab oldi.
[gallery-28719]
Tezkor o‘rganishlar natijasida 15 nafar tadbirkorning murojaati joyida hal etildi, qolgan 15 ta masala esa qo‘shimcha o‘rganish hamda ijrosini ta’minlash uchun mas’ul idoralarga yo‘naltirildi.
Do‘stlik tumanida tashkil etilgan tadbir doirasida, shuningdek, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi, tadbirkorlik ko‘rgazmasi, “Zakovat” intellektual o‘yini hamda kurash bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi.
Bunday uchrashuv va muloqotlar viloyatda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning bandligini ta’minlash hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA