Jizzaxda yangi texnopark quriladi
Sharof Rashidov tumanida yangi sanoat texnoparki qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston – Xitoy hamkorligida 25 ta memorandum imzolanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Xitoy Savdo-sanoat palatasi, bir necha Xitoy kompaniyalari, viloyatdagi mutasaddi tashkilotlar rahbar va mas’ullari, jamoatchilik vakillari hamda xitoylik jurnalistlar, respublikamiz markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi Ergash Saliyev so‘zga chiqib, Jizzax viloyati bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashda ko‘rsatayotgan faolliklari uchun xorijlik hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning doimiy e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi tufayli ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotgani, keyingi yillarda barcha iqtisodiy sohalarda salmoqli natijalarga erishilayotgani alohida e’tirof etildi.
Tadbirda XXR kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning taqdimoti o‘tkazildi. Unda ishlab chiqarilgan mahsulotlar, ayniqsa, elektromobillar, choy va boshqa tovarlar ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida video lavha namoyish etildi.
[gallery-13624]
Xitoy davlati biznes davra vakillarining tashabbusi bilan Jizzax shahrida respublikamizda sanoqli bo‘lgan metallni qayta ishlash zavodi, Zomin tumanida yirik agroklaster, Zafarobod va Forish tumanlarida sement ishlab chiqarish zavodlari tashkil etilib, mazkur investitsiya loyihalari doirasida 680 million AQSH dollari miqdorida investitsiya mablag‘lari jalb qilingan.
Keyingi yillar ichida Jizzax viloyatida Xitoy kapitali ishtirokida ro‘yxatga olingan korxonalar soni 40 dan oshib, ushbu korxonalar tomonidan bugungi kungacha 910 million AQSH dollaridan ziyod investitsiya mablag‘lari kiritilgan.
Joriy yilning may oyida Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan forum doirasida Jizzax viloyati hokimligi va Xitoyning biznes davra vakillari o‘rtasida Jizzax shahrida “Cherry” avtomobillarini va “BYD” elektromobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Hozir loyihalarni amalga oshirish borasida ishlar qizg‘in olib borilmoqda. Bundan tashqari, Xitoyda bo‘lib o‘tgan forum doirasida jami qiymati 2 milliard AQSH dollariga teng 44 ta kelishuv imzolangan bo‘lib, bular orasida farmatsevtika, elektrotexnika, oziq-ovqat va qurilish materiallari kabi sohalardagi investitsiya kelishuvlari bor.
Yangi texnopark uchun Sharof Rashidov tumanida 200 gektar yer maydoni ajratilib, loyihaning amalga oshirilishi natijasida mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi bir yarim barobarga ortadi. Texnopark o‘z ichiga elektrotexnika mahsulotlari, kimyo sanoati, tekstil va qurilish materiallari kabi sohalardagi ishlab chiqarish loyihalarini qamrab oladi.
Loyihani amalga oshirish uchun investorlar tomonidan 500 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston – Xitoy davlatlari hamkorligida barpo etilayotgan ushbu texnopark 2025 yilga borib to‘la quvvat bilan ishlay boshlaydi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari