Jizzaxda tibbiyot xodimlariga ehtirom ko‘rsatildi
Jizzax viloyati hokimligi anjumanlar saroyida Tibbiyot xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.
Unda sog‘liqni saqlash muassasalarida uzoq yillar mehnat qilgan soha faxriylari, aholi sog‘ligini saqlash va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lida fidoyilik namunalarini ko‘rsatayotgan tibbiyotchilardan bir guruhi ishtirok etdi.

Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarini samimiy muborakbod etib, bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda zamonaviy tibbiyotning rivojlanishi uchun ulkan imkoniyatlar yaratilishi asnosida barcha tibbiyot xodimlariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Prezidentimizning “Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan II darajali “Salomatlik” ordeni bilan taqdirlangan Sharof Rashidov tumani “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi hamshirasi Muqaddas Berdiyevaga, “Sog‘lom turmush” medali bilan taqdirlangan G‘allaorol tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika patronaj hamshirasi Hulkar Artiqovaga hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy -amaliy tibbiyot markazi Jizzax filiali xirurgiya bo‘limi mudiri Botir Qobilovga yuksak davlat mukofotlarini viloyat hokimi Ergash Saliyev tantanali ravishda topshirdi.

Shuningdek, bir guruh soha vakillari o‘z yo‘nalishidagi ko‘krak nishonlari hamda viloyat hokimining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Kunning ikkinchi yarmida bayram munosabati bilan yozilgan to‘kin dasturxon atrofida dildan suhbat qurilib, aholi sog‘ligini saqlash yo‘lidagi kelgusi rejalar xususida gaplashib olindi.
Taniqli san’atkorlar va ijrochi yoshlar tomonidan namoyish etilgan bayram konsert dasturi yig‘ilganlarga bayramona xushkayfiyat ulashdi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri