Jizzaxda tibbiyot sohasi mutaxassislari tayyorlanadi
bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, sohada yetuk va chuqur bilimga ega kadrlarni zamonaviy ta’lim standartlari asosida tayyorlash, tibbiyot tashkilotlari, ayniqsa, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini professional mutaxassislar bilan ta’minlash, tibbiyot ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining mavqeini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu boradagi ishlar rivojida Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrdagi "Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur farmon bilan 4 ta viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida tibbiyot yo‘nalishidagi fakultetlar ochildi. Jumladan, 2021-2022 o‘quv yilida tibbiyot oliygohlari bo‘lmagan Qarshi davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti va Guliston davlat universitetlarida tibbiyot yo‘nalishidagi fakultetlar tashkil etilishi tibbiyot sohasidagi muhim qadamlardan bo‘ldi.
Guvohi bo‘lganimizdek, koronavirus pandemiyasi butun insoniyatni o‘ylantirayotgan paytda malakali shifokorlar, tajribali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj ancha sezilib qoldi. Davlat rahbari bu masalaga o‘z vaqtida e’tibor qaratganligi ko‘nglimizdagi ish bo‘ldi.
Ta’kidlash joiz, Jizzax davlat pedagogika institutining tibbiyot yo‘nalishidagi fakulteti viloyat uchun yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.

Fakultetga viloyatda kadrlarga bo‘lgan mavjud talablarni puxta o‘rgangan holda qabul kvotalari belgilandi. Dastavval, davolash ishi, pediatriya ishi yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilmoqda. Hozirda “Davolash ishi” va “Pediatriya” yo‘nalishlariga abituriyentlar qabuli boshlandi. Har bir yo‘nalishlarga 25 nafardan talaba qabul qilinadi.
Jizzaxda turli ixtisoslikdagi shifokorlar yetishmovchiligi kuni kecha paydo bo‘lgan muammo emas. Oliygohda tibbiyot fakulteti ochilishi kelgusida viloyat tibbiyotidagi shifokorlar yetishmasligi muammosining yechim topishiga xizmat qiladi.
Farmonda yangi ochilgan tibbiyot fakultetlari va boshqa tibbiy oliy ta’lim muassasalarida yetakchi xorijiy tibbiyot oliy ta’lim tashkilotlari bilan qo‘shma dasturlar asosida o‘qitish tizimi joriy qilinishi belgilangan. Shuningdek, tibbiyot oliy ta’lim tashkilotlarining viloyat tibbiyot muassasalari, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda klinik bazalari tashkil qilinishi va ularning bitiruvchi kurs talabalari ushbu klinik bazalarda o‘quv amaliyotini o‘tashi ko‘zda tutilgan. Eng muhimi, farmon ayni paytdagi vaziyatga nisbatan to‘g‘ri yechim bo‘ldi. Zero, tibbiyot sohasi muntazam va uzluksiz rivojlantirib borilishi, kadrlar bilan bog‘liq hech qanday muammo bo‘lmasligi lozim.

bugungi kunda Jizzax viloyatida mavjud 175 ta davlat hamda 140 dan ziyod xususiy davolash muassasalari faoliyat olib bormoqda. Ushbu tibbiy muassasalarga zamonaviy bilimlarga ega mutaxassislar tayyorlab berishda Jizzax davlat pedagogika institutida ochilgan tibbiyot fakultetining o‘rni katta bo‘ladi. Maqsadimiz kelajakda bu fakultet negizida ko‘zga ko‘ringan xorijiy tibbiyot oliygohlari bilan qo‘shma dasturlarni yaratish. Jumladan, Turkiyaning Suleyman Demiral nomidagi universiteti tibbiyot fakulteti bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni reja qilganmiz. Bu borada muzokaralarni ham boshlab yubordik. Tibbiyot fakulteti Jizzax oliy ta’limi tarixida yangi sahifa ochdi. Quvonarlisi, biz ilk bora tibbiyot sohasida mutaxassislar tayyorlay boshlaymiz. Bu esa bizga juda katta ma’suliyat yuklaydi.
Gulchehra Sharipova,
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati rahbari.