Jizzaxda “Kelajak liderlari” klubi a’zolari saralanmoqda
Jizzax viloyatida “Kelajak liderlari” klubiga a’zolikka saralashning 3-bosqichi o‘tkazildi.
Davlat xizmatini rivodlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali Axborot xizmati xabariga ko‘ra, davlatimiz rahbarining joriy yil 13 iyulidagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan Jizzax viloyatida “Kelajak liderlari” klubini tashkil etish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda.
Jizzax viloyatida “Kelajak liderlari” klubiga yoshlarni keng jalb qilish maqsadida ochiq va shaffof tarzda o‘tkaziladigan tanlov asosida klub a’zolarini saralab olish ishlari boshlandi.
Viloyatdagi faol va tashabbuskor yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga qiziqtirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tashkiliy choralarni amalga oshirish, istiqbolli kadrlar seleksiyasi orqali joylarda yuqori malakali davlat fuqarolik xizmatchilari qatlami hamda yangi avlod kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida Jizzax viloyatida “Kelajak liderlari” klubini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida viloyat hokimining qarori tasdiqlangan.
“Kelajak liderlari” klubiga a’zolik uchun tashkil etilgan tanlov 4 bosqichda amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, dastlabki bosqichda nomzodlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar “Jizzax viloyati “Kelajak liderlari” klubi to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida saralandi.
Birinchi bosqichda, jami 430 nafar hujjat taqdim etgan nomzodlar orasidan 178 nafari munosib, deb topildi va tanlovning keyingi, 2-bosqichiga o‘tkazildi.
So‘ng tanlovning ikkinchi, ya’ni test bosqichida 178 nafar nomzod 2 kun davomida belgilangan grafik asosida, karantin qoidalariga qat’iy amal qilingan holda, test sinovlaridan o‘tkazildi.
Ushbu bosqichda 56 va undan yuqori foiz to‘plagan 89 nafar nomzod tanlovning uchinchi, ya’ni esse yozish bosqichiga yetib keldi va joriy yilning 3-4 avgust kunlari ishtirokchilar o‘z esselarini yozdi.
Nima uchun aynan esse yozish tanlangan, degan savol tug‘iladi.
– Chunki, esse yozish ishtirokchidan ham hayotiy, ham ilmiy va ham ijodiy fikrlashni talab etadi, – deydi Agentlikning Jizzax viloyati filial rahbari o‘rinbosari B.Yaxshibayev. – Bunday sinovlar haqiqiy lider yoshlarni saralab olishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan yoshlarni tom ma’noda mustaqil qaror qabul qilib, ijodiy fikrlay oladigan liderlar, deya olish mumkin.
Mazkur bosqichda hududiy oliy ta’lim muassasalarining filolog mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi nomzodlarning ijodiy va fikrlash salohiyatini belgilangan mezon asosida baholaydi. Bosqich yakuniga yetganidan so‘ng nomzodlar 4-bosqichda suhbatdan o‘tkaziladi.
Har bir bosqich jarayonlarini ochiq, shaffof, adolatli va jarayonning jamoatchilik nazorati ostida o‘tishini ta’minlash maqsadida sinov jarayonlari “youtube” videoxostingi orqali onlayn shaklda uzatildi.
Klubga a’zo bo‘lgan yoshlarning faoliyati kredit-ball tizimida tegishli ballar yil davomida to‘planib, ushbu ballarni klub tamonidan taqdim etiladigan imkoniyatlarga almashtirish imkonini beradi.
Shuningdek, ularni rag‘batlantirish maqsadida faol a’zolar istalgan davlat organlari va tashkilotlarida amaliyot o‘tashi, jumladan rivojlangan xorijiy davlatlarda hamda Davlat boshqaruv akademiyasining “Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturlariga yuborish mumkin.
Mazur klubni tashkil etishdan asosiy maqsad, davlat xizmati uchun yangi avlod kadrlarni shakllantirish, yoshlarni davlat xizmatiga keng jalb qilish va yosh istiqbolli kadrlardan rahbarlik lavozimlariga zaxira shakllantirishdan iboratdir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA