Jizzaxda Bosh qomusimiz bayrami nishonlandi
Yunus Rajabiy nomli Jizzax viloyat musiqali drama teatrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 28 yilligiga bag‘ishlab viloyat jamoatchiligi vakillarining tantanali yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali yig‘ilishda viloyat hokimi Ergash Soliyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 28 yilligi mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzachi mamlakatimizda huquqiy demokratik jamiyat barpo etishda Konstitutsiyamizning ahamiyati, Asosiy Qonunimizning mamlakatimiz har bir fuqarosi hayotida tutgan o‘rni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashda, sud huquq tizimini isloh qilishda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning ahamiyatiga batafsil to‘xtaldi. Ma’ruzada mamlakatimiz fuqarolarining Konstitutsiyada berilgan huquqlaridan to‘la va erkin foydalanishlarini ta’minlashda amalga oshirilayotgan ishlar viloyat hayotidan olingan aniq misollar, fakt va raqamlar bilan ko‘rsatib o‘tildi.
[gallery-328]
Shundan so‘ng yig‘ilish ishtirokchilari uchun respublikamizning taniqli san’atkorlari va viloyat badiiy jamoalari ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.
T. BEKNAZAROV, J. YORBEKOV (surat), O‘zA