Jizzax viloyatida kitobxonlik haftaligi davom etmoqda
Jizzax shahridagi musiqali drama teatrida viloyat hokimligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi, Sharof Rashidov nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi, Ma’naviyat-ma’rifat markazi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida “Kitobsevar millat” aksiyasi doirasida II Respublika kitobxonlik haftaligi boshlandi.
Besh kun davom etadigan kitobxonlik haftaligi kitoblar ko‘rgazmasi bilan boshlandi. So‘ng teatr aktyorlari buyuk siymolar – Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi, Soxibqiron Amir Temur, astronom Mirzo Ulug‘bek, shoir Hamid Olimjon, Zulfiya, Sharof Rashidov obrazlarini gavdalantirdi. Asarlaridan namunalar o‘qildi. Yoshlar ham o‘z ijod namunalaridan parchalar o‘qib berdi.

Haftalik doirasida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari Jizzax davlat pedagogika, politexnika institutlarida, O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax viloyati filiali hamda Jizzaxdagi Sambhram universitetida bo‘lib, ijodiy uchrashuvlarda ishtirok etdi. “Kitobsevar millat” aksiyasi doirasidagi kitobxonlik haftaligining ilk kuni viloyat axborot-kutubxona markaziga yangi olingan adabiyotlar ko‘rgazmasi nihoyalandi. Ma’lumot uchun, II Respublika kitobxonlik haftaligi 18-22 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.


A.Qayumov, O‘zA