Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Jizzax viloyatida ham Hayit arafasida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lganlarining oilalariga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish an’ana tusini olgan.
Prezidentimizning 2023 yil 13 martdagi “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari xizmat vazifasini bajaraish chog‘ida halok bo‘lgan Ilhom Sobirovning xonadonida bo‘lib, marhumning oila a’zolari holidan xabar oldi.
Bojxonachilar marhum hamkasblari oila a’zolari bilan dildan suhbatlashib, ularga ma’naviy va moddiy ko‘mak ko‘rsatishdi. Ilhom Sobirovning davlatimizga va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilgani ta’kidlanib, uning fidoyiligi yodga olindi.
***
Yangiobod tumanida “Mahalla tizimi xodimlari kuni” munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda mahalla tizimida faoliyat yuritib kelayotgan “mahalla yettiligi” hamda mahalla faxriylari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar barcha faollarni qo‘shaloq bayram bilan tabriklab, mahallalar ravnaqi va farovonligi yo‘lida olib borayotgan kelgusi faoliyatlarida omad va kuch-g‘ayrat tiladi. Shundan so‘ng faollarga tuman hokimining faxriy yorliq va bayram sovg‘alari topshirildi.
Bayram tadbiri doirasida mahalla tizimi vakillari uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
***
Sharof Rashidov tuman Buvijonlar maktabi “Mehr karvoni” ijtimoiy ko‘mak guruhi a’zolari Ramazon hayiti munosabati bilan tumanning chekka hududidagi “Qulpisar” MFYda istiqomat qiluvchi 95 yoshli Buambar momo Ochilova xonadonida bo‘lib, onaxonning holidan xabar olishdi, qutlug‘ ayyom bilan muborakbod etishib, sovg‘a-salomlar berishdi.
Shuningdek, tumandagi nuroniylar, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va yotib qolgan bemor keksalarning ham xonadonlariga borib, ularning ham holidan xabar olindi, oziq-ovqat, kiyim-kechaklar tarqatildi.
Bundan tashqari, tuman “Buvijonlar maktabi” a’zolari mahallada olib borilayotgan obodonchilik, ko‘chat ekish, tomorqadan foydalanish, xonadonlarning tozaligi va ozodaligini ham ko‘zdan kechirib, bu borada o‘z tavsiya va maslahatlarini berdi.
***
Jizzax shahridagi 22-ixtisoslashtirilgan hamda “Temuriy izdoshlari” maktablarida Jizzax viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasidan kelgan mas’ul xodim ishtirokida maktab bitiruvchi sinflari o‘quvchilari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbir davomida, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi hamda “Temurbeklar maktabi”da yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar va sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berilib, ushbu ta’lim muassasalaridagi shart-sharoitlar haqida maxsus videorolik namoyish etildi.
Ushbu uchrashuv yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ularni favqulodda vaziyatlar sohasiga qiziqtirish va kasb tanlashida muhim ahamiyat kasb etadi.
***
Jizzax viloyatida tadbirkorlik sub’ektlarining samarali faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov hamda Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Bobur Umurzoqov hududlarda bo‘lib, tadbirkorlarning bo‘sh turgan binolari va ishlab chiqarish quvvatlarining holatini o‘rganmoqda.
O‘rganishlar jarayonida kam quvvatda ishlayotgan korxonalar va tadbirkorlik sub’ektlarining muammolari bilan qiziqildi. Ularning faoliyatini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Mazkur tadbirlar natijasida tadbirkorlik muhitini yaxshilash, ishlab chiqarish salohiyatini oshirish va mavjud resurslardan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan. Kelgusida ham bunday o‘rganish ishlari davom ettirilib, tadbirkorlik subektlariga amaliy yordam ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.
[gallery-22462]
A.Qayumov, O‘zA