Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax va Farg‘ona viloyatlari favqulodda vaziyatlar boshqarmalari xodimlari tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amaliy taktik mashqlar o‘tkazildi.
[gallery-20315]
Unda zilzila va boshqa favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, yong‘in va favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etish, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni xavfsiz joyga evakuatsiya qilish, shuningdek, o‘t o‘chirgichdan foydalanish tartibi tushuntirilib, ularning bilim va ko‘nikmalari mustahkamlandi.
***
Forish tumani prokurori Ikrom Narziyev tumandagi 25 ta mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.
Muloqotda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, mahallalarda yashovchi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, turli sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, yoshlarning bilim saviyasini va dunyoqarashini yuksaltiruvchi turli intelektual o‘yinlar o‘tkazib borish, vaqtincha ish bilan band bo‘lmagan yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish kabi masalalarda fikr almashildi.
Muloqot davomida yoshlar yetakchilari faoliyatini yanada jonlantirish, yoshlarga e’tiborni kuchaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
***
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti uchun iqtidorli qizlar o‘rtasida “Zulfiyaxonim izdoshlari” ko‘rik-tanlovning Jizzax shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda Jizzax shahar oila va xotin-qizlar bo‘limi, shahar ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Buvijonlar maktabi”, sport maktabi, madaniyat bo‘limi mas’ullari hamda Jizzax davlat pedagogika universitetining professor- o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Ko‘rik-tanlovda 32 nafar ishtirokchining iqtidori sinovdan o‘tdi. Hakamlar hay’atining xulosasiga ko‘ra, iqtidorli yoshlardan ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha 13 nafar ishtirokchi viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
***
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Mirzacho‘l tumanidagi “Mustaqillik”, “Yerjar”, “Do‘stlik”, “G‘alaba” , “Bog‘bon”, “Mirzadala”, “Ipak yo‘li”, “Toshkent” mahalla fuqarolar yig‘inlariga 2500 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetkazib berildi.
Ushbu ko‘chatlar mahallalardagi kam ta’minlangan oilalar, yakka- yolg‘iz keksalar xonadonlariga tarqatildi. Bundan tashqari, tomchilaib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilib, mahallalar binolarining oldiga ham mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
***
Yangiobod tumani umumta’lim maktablarida “Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish oyligi” doirasida davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Unda Milliy gvardiya Jizzax viloyati boshqarmasi bolalar bilan ishlash bo‘limi Yangiobod tumani bo‘yicha inspektor-psixologlari, mahalla yettiligi a’zolari, tuman ichki ishlar hamda maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari vakillari ishtirok etib, tadbirlarda o‘quvchilarga jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarini sodir etmaslik, ularning barvaqt oldini olish to‘g‘risida tushunchalar berishdi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri