Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumani G‘oliblar mahallasining iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash, aholining bandligini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2024 yilning o‘tgan davrida 66 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi. 104 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2024 yil boshida mahallada jami 175 nafar ishsiz fuqaro bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning 159 nafari yoki 90,8 foizi ishli bo‘lgan.

***
Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishev “Qahramon” MFY aholisi hamda yoshlari bilan uchrashdi.
Ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan tadbirda tuman hokimi “Obod mahalla – obod xonadon” tamoyili asosida, shuningdek, aholining ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlash borasida bajarilgan ishlar to‘g‘risida gapirib o‘tdi. Ishtirokchilarning murojaatlari tinglanib, muammolarga yechimlar izlandi. O‘rtaga tashlangan muammolarning aksariyat shu yerning o‘zida hal etildi. Yechimi vaqt va mablag‘ bilan bog‘liq murojaatlar nazoratga olindi.



***
Sharof Rashidov tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyida Qurbon hayiti munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i va xodimlari ishtirok etib, qutlug‘ ayyom bilan muassasa tarbiyalanuvchilarini samimiy qutladi.
Bayram tadbirida vasiylikka olingan qizlar tomonidan raqs, she’r, ko‘rgazmali chiqishlar va kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Tadbir doirasida faol ishtirokchilarga bojxonachilar tomonidan bayram sovg‘alari tarqatildi.



***
Mirzacho‘l tumani “Nuroniylar” jamg‘armasi tuman bo‘limi qoshida tashkil etilgan “Buvijonlar maktabi” tuman jamoatchilik kengashining 14 nafar “Saxovatli buvijonlar”i (hoji onalar, mehnat faxriylaridan iborat) Qurbon hayiti ayyomi munosabati bilan “G‘alaba” MFY hududida joylashgan Muruvvat uyida yashovchi 27 nafar keksa otaxon va onaxon, boquvchisini yo‘qotganlar, yolg‘iz qariyalar va boshqa fuqarolarga to‘y oshi damlab ehson qilindi.
Bundan tashqari, Muruvvat uyida istiqomat qiluvchilar uchun 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, uy ro‘zg‘or idishlari hamda dori-darmon uchun pul mablag‘i berildi. Keksa onaxon va otaxonlar bilan suhbat o‘tkazildi, ularni ko‘ngliga dalda berildi, momolarimiz merosidan qo‘shiqlar xirgoyi qilindi, hoji onalar tomonidan duolar o‘qildi.



***
Har bir mamlakatning kelajagi, ertasi uning yoshlari nechog‘lik salohiyatli ekanligi bilan uzviy bog‘liq. Shu sababli ham davlatimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e’tibor kun sayin ortmoqda.
Jumladan, Zafarobod tumani madaniyat markazida “Yoshlar oyligi” doirasida rahbar va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi G‘ayratjon Eshpo‘latov hozirgi vaqtda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, imkoniyatlar va yangiliklar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda yoshlarni qiziqtirgan savollariga tuman sektorlari rahbarlari tomonidan javob berildi. Shuningdek sport, madaniyat, kitobxonlik, tadbirkorlik, ilm-fan yo‘nalishlarida yuqori natijaga erishgan bir qator yoshlar, tuman sektor rahbarlarining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.



A.QAYUMOV, O‘zA