Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangiobod tumanida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida hozirlik ko‘rilmoqda. Ayni kunlarda, aholini elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash ishlarini nazorat qilish tuman hokimligi qoshida tashkil etilgan maxsus ishchi guruhi tomonidan o‘rganilib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga vazifalar yuklatildi.
Jumladan, tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan “Havotog‘” QFY hududidagi Uchturg‘on qishlog‘ida elektr ta’minoti sifatini yaxshilash maqsadida yangi beton ustunlar o‘rnatilib, 2,5 kilometr masofaga tarmoq tortish ishlari yakunlandi.

***
Jizzax shahridagi ta’mirlangan 1-sonli oilaviy poliklinikaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov, aholi salomatligini muhofaza qilish masalasi doimiy diqqat markazda bo‘layotganligi, tibbiyot sohasiga qaratayotgan e’tibor va bevosita sa’y-harakatlar tufayli yurtimizda xalqaro talab va andozalarga mos tizim yaratilgani, bu borada ishlar jadallik bilan olib borilayotganligiga alohida to‘xtaldi.


Tadbirda shahar sektor rahbarlari, nuroniylar, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
***
Do‘stlik tumanidagi umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida “Radikalizm xatari va radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolishning oldini olish” ga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Unda o‘quvchilarga ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, diniy aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashish, diniy sohada amalga oshirilayotgan davlat siyosati tushuntirildi.

Tadbirlar tuman hokimligi diniy ishlar bo‘yicha mutaxassisi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi Do‘stlik tuman bo‘linmasi, maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasining tuman Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

***
G‘allaorol tumani “Do‘stlik” mahallasidagi 15-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish ularni turli yod g‘oyalar ta’siridan muhofaza qilishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Nuroniylar, mahalla oqsoqollari, ziyolilar va yoshlar ishtirokida “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Yoshlar tarbiyasiga e’tibor, kelajakka e’tibor” kabi mavzularda ochiq muloqot bo‘ldi hamda “Tinchlik qadri” video roligi namoyish qilindi.
***
Zomin tumani majlislar zalida “Yil ayoli” milliy tanlovining, shuningdek, “Gender tenglik faoli” tuman bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirning ochilishida oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Omonova va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rni, roli va nufuzini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, qator loyiha va tanlovlar o‘tkazilayotganligi haqida so‘zladi.

A.Qayumov, O‘zA