Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zafarobod tumanida mahalla yoshlar yetakchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i mahallalardagi yoshlar yetakchilari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mahallada yoshlarning jinoyatchilikka qarshi kurash natijadorligini oshirish, davlatimizning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj yoshlar bilan ishlash davomida aniqlangan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirilib, bu borada tegishli ko‘rsatmalar berdi.
“Yorqin” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Yoshlar daftari” ro‘yxatidagilarning ikki nafariga noutbuk va ikki nafariga tikuv mashinalari topshirildi.

***
Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshchiligida Jizzax shahar FVB xodimlari tomonidan viloyat IIB va MG xodimlari bilan hamkorlikda “Eski shahar buyum savdo kompleksi”da yong‘in xavfsizligini ta’minlash, favqulodda holatlarning barvaqt oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu tadbirlar davomida bozor hududida tashkil etilayotgan maktab yarmarkasini o‘tkazish vaqtida tadbirkorlar tomonidan yong‘in xavfsizligi talablariga zid ravishda o‘rnatilgan hamda yong‘in o‘chirish avtomobillarining erkin harakatiga to‘sqinlik qiluvchi sun’iy qurilmalar soha xodimlari tomonidan joyida bartaraf etilishiga erishildi.
Shuningdek, bozor hududidagi evakuatsiya yo‘llarini to‘sib qo‘ygan turli xildagi qurilmalarni bartaraf etish bo‘yicha bozor ma’muriyati va tegishli tashkilotlarga ogohlantirishlar berildi.

***
Tojikiston Gimnastika federatsiyasi tomonidan badiiy gimnastika bo‘yicha xalqaro turnir tashkil etilib, unda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Zarbdor tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabida tarbiyalanayotgan qizlar g‘olib bo‘lib qaytdi.
Ushbu xalqaro turnirda zarbdorlik badiiy gimnastikachi qizlar jami 4 oltin, 1 kumush va 1 bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Xalqaro turnir g‘oliblari tuman hokimligi, yoshlar va sport ishlari bo‘limi hamda yaqinlari va sportsevarlar tomonidan tantanali kutib olindi.

***
Mamlakatimiz Mustaqilligining 32 yilligi sharafiga Arnasoy tumanida “Mahalla futbol ligasi” musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu ligada 20 jamoadan 200 dan ortiq havaskor futbolchi yoshlar harakat qilyapti. Kecha musobaqaning guruh bosqichi o‘z yakuniga yetdi va keyingi bosqichga yo‘l olgan 10 jamoaning nomi aniq bo‘ldi.
G‘olib jamoa nomi O‘zbekiston Mustaqilligi bayram tantanalari kuni aniq bo‘ladi.

***
Sharof Rashidov tumani hokimining o‘rinbosari investitsiyalar tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i G‘ulom Xidirov o‘ziga biriktirilgan yoshlarning xonadonlarida bo‘lib, ular bilan samimiy muloqot qildi va ularning muammo va takliflarini o‘rgandi.
O‘rganishlar jarayonida yoshlarni ish bilan ta’minlash, o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha zarur yordam berish va davolanishga muhtojlarga moddiy yordam ko‘rsatish kabi muammolarga yechim topildi.

***
Zomin tumanining barcha qishloq va mahallalarida “Obodonlashtirish oyligi” doirasida ishlar qizg‘in davom etmoqda.
“Obodonlashtirish oyligi” joriy yilning 30 avgustigacha davom etib, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligini keng nishonlashga puxta tayyorgarlik ko‘rish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ko‘lamini yanada kengaytirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash, “mahalladan xonadongacha” tamoyili asosida mahallalar hududlarini obodonlashtirish orqali aholi farovonligini oshirishdir.
Jumladan, “Oqtepa” MFY aholisining kuchi bilan tevarak-atrof turli chiqindilardan tozalanib, daraxtlar butaldi, taglari oqlandi, ariq va lotoklar tozalandi, qabriston atroflari obodonlashtirilib, daraxt va gul ko‘chatlari sug‘orildi. Xuddi shunday obodonlashtirish ishlari tumanning boshqa hududlarida ham davom etmoqda.

***
Forish tumanida ham davlatimiz Mustaqilligining 32 yilligi oldidan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, bayram munosabati bilan tuman madaniyat bo‘limi hamda Ma’naviyat ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi hamkorligida “Yangi O‘zbekiston madhini kuylayman” shiori ostida 18-30 yoshgacha bo‘lgan uyushmagan yoshlar o‘rtasida qo‘shiqchilik yo‘nalishida tanlovning tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yakuniy xulosalarga ko‘ra 1-o‘rinni Mirkomil Ahmedov, 2-o‘rinni Umid Nurullayev, 3-o‘rinni Samandar Ortiqboyevlar egalladi.
Ko‘rik-tanlov g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

***
Do‘stlik tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Muhammadi Tursunmuratov 4-sektor hududiga qarashli “Sanoatchilar” MFY rais, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektori bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tuman 4-sektor rahbari ushbu mas’ullarga aholini qiynab kelayotgan muammolarni tizimli ravishda hal etish bo‘yicha hamkorlikda ishlarni tashkil qilish yuzasidan kerakli ko‘rsatmalar berdi.
Mamlakatimiz Mustaqilligining 32 yilligi oldidan “Obodonlashtirish oyligi” munosabati bilan tashkil etilayotgan hasharda mahalla fuqarolarini faollikka chorlab, muammolarni bartaraf etishda va hashar ishlarida soliq inspeksiyasi amaliy yordam ko‘rsatishga har tomonlama tayyor ekanini ta’kidladi.

A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA