Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “O‘qituvchi va murabbiylar salomatligi oyligi” doirasida Forish tumanidagi umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘qituvchi, murabbiy va xodimlari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Jumladan, tumandagi 65 umumta’lim maktabi, 19 maktabgacha ta’lim tashkiloti, bolalar-o‘smirlar sport maktabi hamda 18-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchi-pedagoglaridan 1 ming 972 nafardan ortiq o‘qituvchi va murabbiylar tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Tibbiy ko‘rik davomida salomatligida muammosi bor o‘qituvchi va murabbiylarga ambulator va statsionar tartibda davolanishi uchun yo‘llanmalar berildi.
***
Yurtimizda yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida 10 iyuldan 10 avgustga qadar “Dolzarb – 30 kun” tadbiri o‘tkazilmoqda.

Shu munosabat bilan G‘allaorol tumanida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida ham G‘allaorol tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Uchrashuv davomida yong‘inni keltirib chiqaruvchi holatlardan ehtiyot bo‘lishlarini, nosoz gaz balonlardan foydalanmasliklarini tushuntirilib, tadbir ishtirokchilariga birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan foydalanish tartiblari o‘rgatildi.
***
Respublika Bosh prokurorning o‘rinbosari S.Samadov xizmat safari bilan Zomin tumanidagi ayollar “Muruvvat” uyida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishish maqsadida ushbu hududda bo‘ldi.

Tashrif davomida qurilish ishlari birma-bir ko‘zdan kechirilib, zarur tavsiyalar berildi.
O‘rganish davomida qurilish ishlaridan kamchiliklar aniqlanib, mas’ullar hamda qurilish tashkiloti vakillariga ta’mirlash ishlarini tezkor va sifatli yakunlash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
***
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasining “Qo‘shkent” chegara bojxona postida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qulay sharoitlar yaratilgan bo‘lib, yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning qo‘shni davlat bozorlariga tezkorlik bilan kirib borishi ta’minlanmoqda.

Masalan, joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida post orqali 11 million AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi tovarlar olib chiqilib, qo‘shni Tojikiston Respublikasiga eksport qilindi.
***
Paxtakor tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi barcha ta’lim muassasa psixologlari uchun “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish va ularga qarshi kurashish bo‘yicha ta’lim muassasalari xodimlarining vazifalari” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Maktab rahbarlari hamda psixolog o‘qituvchilar faol ishtirok etgan ushbu seminarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllari va ularning oqibatlari haqida ma’ruzalar tinglanib fikr almashildi.
***
Do‘stlik shahrida tashkil etilgan “Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida O’zLiDeP Jizzax viloyati kengashi “Ayollar qanoti” bo‘limi mudiri S.Umaraliyeva, partiya tuman kengashi apparat rahbari, 125 nafar tadbirkor va hunarmand xotin-qizlar ishtirok etdi.

Tadbir O’zLiDeP Jizzax viloyati hamda tuman kengashi tashabbusi bilan xotin-qizlar faollari, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.
Tanlov yakuniga ko‘ra 300 nafar ish o‘rni yaratgan, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘ygan “Do`stlik Innovatsion sumkalari” MCHJ rahbari Zuhra Yigitova 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
***
Zafarobod tumani hokimi O‘tkirbek Rahmonov o‘ziga biriktirilgan yoshlar ularning ota-onalari bilan uchrashib, ularning muammo va murojaatlarini ijobiy hal etishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Jumladan, tumandagi qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi yoshlarga ish jarayonida foydalanishlari uchun planshetlar berildi. O‘zini o‘zi band qilishi uchun qisqa muddatli o‘quv kursini bitirgan qiz-juvonlarga tikuv mashinalari taqdim etildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA