Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Davlat xizmatlari agentligi direktori U.Muhammadiyev tomonidan Jizzax viloyatidagi shahar-tuman davlat xizmatlari markazlari va ularning olis hududlaridagi filiallari faoliyati, mavjud muammo va kamchiliklari o‘rganildi.
Xizmat safari chog‘ida U.Muhammadiyev viloyatning Sharof Rashidov, Zomin va Zarbdor tumanlari davlat xizmatlari markazlarining ishi bilan yaqindan tanishdi.
Jumladan, agentlik direktori Sharof Rashidov tumani DXMning “Ravot” qishloq fuqarolar yig‘idagi “Umar”, Zomin tumanidagi “Beshbuloq”, Zarbdor tumanidagi “Pishagar” qishlog‘idagi DXM filiallarida bo‘lib, xizmatlardan foydalanayotgan aholi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bilan yakkama-yakka suhbatlashdi.

***
Forish tumanida bir qator qishloq va mahallalardagi ichki yo‘llar ta’mirdan chiqarildi.
Jumladan, avtomobil yo‘llardan foydalanish davlat unitar korxonasi tomonidan tumandagi “Porasht” qishlog‘iga olib boruvchi 550 metr, “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 1 kilometr, “Bog‘don” MFYdagi 900 metr ichki yo‘llarga asfalt qoplama yotqizilib, to‘liq ta’mirdan chiqarildi.

***
Joriy yilning o‘tgan oyi davomida Jizzax viloyatiga turli hududlardan 5 ming 20 nafar fuqaro ko‘chib kelgan.
Bu haqda viloyat statistika boshqarmasi Axborot xizmati ma’lum qildi.
Viloyat bo‘yicha eng ko‘p aholi Sharof Rashidov tumaniga 1 ming 252 nafar va Jizzax shahriga 1 ming 107 nafar fuqaro ko‘chib kelgan bo‘lsa, eng kam aholi Yangiobod tumaniga ko‘chib kelgan. O‘tgan yarim yil ichida ko‘chib kelganlar hisobiga yangiobodliklar bor-yo‘g‘i 67 nafarga oshgan.

***
Baxmal tumanida yetishtirilayotgan za’faron mahsuloti Yevropaning bir qator davlatlariga eksport qilinmoqda.
Joriy yilning iyun oyida “BMB TRADE GROUP” tomonidan italiyalik hamkorlar bilan umumiy qiymati 15 million Yevroni tashkil etgan eksport shartnomasi imzolangan edi. Mazkur bitim ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 29 iyul kuni “BMB Za'faron” brendi ostidagi ushbu qimmatbaho mahsulotning dastlabki turkumi Yevropa davlatiga eksport qilindi.
Kelajakda, Baxmalda yetishtirilayotgan ushbu qimmatbaho mahsulot nafaqat ko‘hna qit’a davlatlariga, balki Amerika hamda Osiyo qit’asidagi bir qator davlatlarga ham O‘zbekistonda yetishtirilayotgan oliy navli va yuqori sifatga ega za’faron mahsulotini yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

***
Zarbdor tuman hokimining o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tuman bo‘limi boshlig‘i T.Qodirov shu hududdagi “Oqar” hamda “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ishlashning yangicha “fuqarobay” tizimi asosida sayyor qabul o‘tkazdi.
Ushbu sayyor qabulda fuqarolar elektr energiyasi, toza ichimlik suvi va oqova suv ta’minoti qoniqarli ahvolda emasligi va boshqa ijtimoiy masalalar bo‘yicha murojaat qildi.
Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan murojaatlarning 65 foizi shu joyning o‘zida yechimini topgan bo‘lsa, bartaraf etilishi vaqt va mablag‘ talab qilayotgan ba’zi muammolar yuzasidan mutasaddi rahbarlar zimmasiga aniq vazifalar yukaltilib, ijrosi nazoratga olindi.

***
G‘allaorol tumani hududidan oqib o‘tuvchi “Sangzor” daryosidan noqonuniy qum-shag‘al qazib olayotgan fuqarolarga nisbatan jazo tariqasida jarima choralari qo‘llanildi.
Joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, tuman bo‘yicha daryodan noqonuniy ravishda qum va shag‘al kavlab olganligi uchun 18 nafar fuqaroga, nisbatan MJtKning 70-moddasi 1-qismi va 82-moddasi 2-qismi bilan jami 52 million 185 ming so‘m ma’muriy jarima belgilandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA