Jizzax viloyati IIB JXX YHX boshqarmasi yangi binoda ish boshladi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda sohada ko‘p yillar mehnat qilgan ichki ishlar organlari faxriylari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Viloyat IIB JXX YHX boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Husan Xolqo‘ziyev ichki ishlar organlari tizimiga qaratilayotgan e’tibor, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi binoning qurilishi borasida batafsil ma’lumot berdi.
Mehmonlar binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi. Jizzax viloyati IIB JXX YHX boshqarmasining eski binosi o‘rniga 12 milliard 550 million so‘m mablag‘ evaziga yangi besh qavatli maxsus ma’muriy bino qurildi. Uning birinchi qavatidan navbatchilik qismi, “Sitiuatsion markaz”, fuqarolarga xizmat ko‘rsatuvchi ma’muriy amaliyot bo‘limi o‘rin olgan. Markaz 19 ta hududni, Jizzax shahridagi chorrahalarda 13 ta, to‘g‘ri yo‘l uchastkasida 6 ta, jami 104 dona kamera qoidabuzarliklarni aniqlash imkoniga ega. Ulardan oltitasi tezlikni aniqlovchi radarlardir. Shuningdek, ushbu markaz orqali 23 ta tezlikni o‘lchash moslamasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish mumkin. Viloyat hududidagi transport vositalari davlat raqamlarini qayd etuvchi 6 ta kamera, haydovchilik guvohnomasini berish tartibini nazorat qilish uchun avtomatik dastur o‘rnatilgan. Bir so‘z bilan aytganda inson omilisiz, axborot kommunikatsiya tizimi ishga tushirildi.
Ob’ektning 2-qavatida fuqarolar bilan o‘zaro axborot almashuvchi axborot hamda axborot texnologiyalari guruhlari, tashkiliy va texnik nazorat bo‘limlari joylashgan xonalar inovatsion texnologiya va maxsus texnik vositalar bilan jihozlangani taklif etilganlarning diqqat markazida bo‘ldi.
Viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyati, yo‘l patrul xizmati faoliyatini tashkil etish guruhi hamda ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish guruhi xonalari joylashgan 3-qavatda ham barcha sharoitlar yaratilgan.
Binoning 4-qavatida qidiruv-surishtiruv, yo‘l infratuzilmalarini nazorat qilish, moliya va moddiy texnik ta’minot bo‘limlari, maxsus komissiya faoliyatini tashkil etish guruhi hamda 20 o‘ringa mo‘ljallangan dam olish va yuvinish xonalari joylashgan. 5-qavatda esa kadrlar bilan ta’minlash hamda xodimlarni doimiy tarzda o‘qitib malakasini oshirish guruhlari faoliyat yuritadi.
[gallery-10914]
– Xodim ma’naviy-ma’rifiy jihatdan mukammal bilimga ega bo‘lishi, keng ko‘lamdagi islohotlarni bilishi, fuqarolar murojatlariga tezda yechim topishi juda muhim sanaladi, – deydi viloyat IIB JXX YHXB boshlig‘i polkovnik Husan Xolqo‘ziyev. – Aynan shu maqsadda 140 o‘ringa mo‘ljallangan ma’naviyat va ma’rifat zali tashkil etildi. Sohamiz xodimlarining ma’naviy bilimini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi mo‘’jaz, lekin juda kerakli qo‘llanma va adabiyotlar bilan boyitilgan kutubxonamiz ham bor. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tarixidan hikoya qiluvchi muzey fondi esa faxriylarning bevosita yordami bilan kundan-kunga boyimoqda. To‘g‘risini aytish kerak, 2-3 yil oldin 3-4 xodimga bitta xizmat xonasi, bor-yo‘g‘i 2 ta kompyuter bo‘lar edi. Ushbu zamonaviy binoda har bir bo‘lim uchun alohida xona, xodimlarga alohida zamonaviy kompyuterlar jamlamasi ajratilgan. Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida fuqarolarning murojatlarini qabul qilish uchun maxsus xona, xotira maydoni, saf maydoni, xizmat avtomashinalarini saqlash joyi, sun’iy futbol maydonchasi, sport zali, oshxona, bir so‘z bilan aytganda xodimlarning samarali ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Prezidentimizning tegishli qarorlari ijrosi doirasida xavfsiz yo‘llarni yaratish maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi maxsus ekspluatatsiya montaj bo‘limi tashkil etildi. Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan yo‘l-patrul xizmati inspektorlarining yangi kiyim boshlari tasdiqlanib, boshqa xizmatlardan ajratib turuvchi yagona xizmat kiyimi tasdiqlandi. Yo‘l-patrul xizmati inspektorlari ushbu kiyim-bosh bilan to‘liq ta’minlandi. Bulardan tashqari, yo‘l-patrul xizmati inspektorlari zamonaviy xizmat avtomashinalari bilan ta’minlanmoqda. Bu albatta yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Sharilloq mahallasida yangitdan barpo etilgan viloyat IIB JXX YHX boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi faoliyati bilan ham yaqindan tanishtirildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat),
O‘zA